Qozog‘istonni hech qanaqasiga berib qo‘ymaymiz – Lukashenko
Olam
−
06 yanvar 2022
17413Qozog‘istonda ekstremistlar KXSHT qo‘shinlarini olib o‘tishning oldini olish maqsadida mamlakatdagi aeroportlarni egallab olgan. Bu haqda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko so‘z ochdi.
“Yondirilishi mumkin bo‘lgan hamma narsa yoqib yuborildi, aeroport qo‘lga olindi, ataylab. Olma-otada ham, Nur-Sultonda ham aeroportni egallab olishga urinish bo‘lgan. Maqsadli”, degan Lukashenko.
Uning tushuntirishicha, radikallar u yerga hech kim qo‘na olmasligi uchun aeroportlarni o‘z nazoratiga olgan. Shuningdek, Lukashenko Qozog‘istondagi vaziyat bo‘yicha maslahatlashuvlar tun bo‘yi davom etganini aytgan.
“Kecha tun bo‘yi maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi, bu borada biz (Rossiya Prezidenti Vladimir) Putin bilan vaziyatni kuzatdik”, degan u.
Lukashenkoning aytishicha, Ukraina bilan bo‘lgani kabi Qozog‘istonni ham berib bo‘lmaydi.
“Biz juda yaxshi tushunamizki, Qozog‘istonni hech qanaqasiga berib bo‘lmaydi”, degan u.
Shuningdek, Lukashenko Qozog‘istonda tartibni saqlashga Belarus Qurolli Kuchlarining tinchlikparvar rotasi jalb etilishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga jo‘natildi, Rossiya kontingentining ilg‘or bo‘linmalari o‘z vazifalarini bajarishga kirishdi. Tinchlikparvar kuchlar tarkibiga Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari kirgan.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi