Qozog‘istonda talonchilar rejissyor va musiqachi Saken Bitayevni o‘ldirdi 

Olam

image

Qozog‘istonning Olma-ota shahrida rejissyor va musiqachi Saken Bitayev o‘ldirildi. Bu haqda uning do‘sti, jurnalist Doniyor Adilbekov o‘zining Facebook sahifasida e’lon qilgan. 

Ta’kidlanishicha, talonchilar Saken Bitayevni otib o‘ldirgan, u tez yordam kelmasidan vafot etgan. Adilbekovning so‘zlariga ko‘ra, talonchilar Bitayevdan mashina tortib olmoqchi bo‘lgan. 

“Olomon orqadan kelib, eshiklarni ochishni boshladi. Talonchilar mashinani tark etgandan keyin otishma boshladi. Bitta o‘q Sakenning o‘pkasini teshdi”, deb yozadi jurnalist. 

Shuningdek, u Bitayevning ota-onasi o‘g‘lining jasadini olib keta olmasligini, chunki shaharda o‘limni hujjatlashtirish uchun politsiya xodimlari yetarli emasligini aytgan. Qayd etilishicha, jinoyatchilar topilmagan.

Ma’lumot o‘rnida, Saken Bitayev Salamalec Sound musiqiy loyihasiga asos solgan va xip-xop janridagi kompozitsiyalarni ijro etgan. U musiqa sohasidagi faoliyatidan tashqari rejissyorlik bilan ham shug‘ullangan. 

Bugun, 8 yanvar kuni ertalab holatiga Olma-otada otishma va aksilterror operatsiyasi davom etmoqda. Shahar aholisi shubhali odamlar guruhlarini aniqlashda politsiyaga yordam bermoqda. Jangarilar kichik maydonlar va bog‘larda yashiringan. Qalin tuman huquq-tartibot idoralari xodimlarining ishini qiyinlashtirmoqda. Ta’kidlanishicha, Olma-ota viloyatida qo‘lga olinganlar orasida qo‘shni davlat fuqarolari ham bor. 

Qozog‘istonda umumiy hisobda 4 mingga yaqin terrorchi qo‘lga olingan. Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari xodimlari davlat hokimiyati organlarining barcha binolarini nazoratga olgan.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Bitaev

Baholaganlar

318

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing