Qozog‘iston Prezidenti shoshilinch topshiriqlar berdi
Olam
−
06 yanvar 2022
26738Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatga bir qator shoshilinch topshiriqlar berdi. Xususan, davlat rahbari so‘nggi voqealar sabablarini aniqlash, jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortish uchun Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va boshqa vakolatli tuzilmalar vakillaridan iborat maxsus tergov guruhi tuzishni buyurdi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jangovar shaylik va texnika vositalarini oshirish, harbiy xizmatchilarning ma’naviyatini saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, viloyat hokimliklari halok bo‘lgan ichki ishlar xodimlari va Qurolli Kuchlar xodimlarining oila a’zolariga munosib moddiy yordam ko‘rsatishi, hokimlar esa kommunal xizmatlar, jamoat transporti va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining faoliyatini barqarorlashtirishi zarur.
To‘qayev Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligiga Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jinoiy guruhlar harakatlari natijasida jabrlanganlar va bedarak yo‘qolganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fuqarolarga yetkazish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri liniya tashkil etishni topshirdi.
Shuningdek, davlat rahbari ommaviy tartibsizliklar natijasida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha komissiyalar tuzishni buyurdi. Vaziyat barqarorlashgandan so‘ng, Olmaota va boshqa viloyatlardagi ma’muriy binolar, ijtimoiy ob’ektlar, turar-joy binolarini tiklash ishlari boshlanadi.
Prezident shuningdek, Olmaota va boshqa viloyatlarda jinoiy harakatlardan jabr ko‘rgan kichik va o‘rta biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishni ham nazardan chetda qoldirmadi.
Milliy bank va ARFR (Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi) zimmasiga vaziyat barqarorlashganidan keyin ikkinchi darajali banklar va boshqa moliya tashkilotlarining barqaror va uzluksiz faoliyatini tiklashni ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Prezident diplomatik vakolatxonalarni, shuningdek, xorijiy investitsiyalar sub’ektlarini va xorijiy kompaniyalarning tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergan.
Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligiga ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha dolzarb masalalari bo‘yicha xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va boshqa sheriklar bilan doimiy aloqalar o‘rnatilishini ta’minlashni yuklagan.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi