Global iqtisodiy aloqalar tizimi yemirilmoqda – To‘qayev
Olam
−
17:32 512 6 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev MDHga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Ishtirokchilarni qutlar ekan, u Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga sammitning puxta o‘ylangan tashkilotchiligi va an’anaviy samimiy mehmondo‘stligi uchun minnatdorlik bildirgan.
“Sizga ma’lumki, Qozog‘iston tashkilot tamal toshining qo‘yilishida ishtirok etgan. 1991 yilda Olmaota deklaratsiyasining imzolanishi davlatlarimiz tarixida haqiqatan ham hal qiluvchi burilish nuqtasi bo‘ldi. MDHning tashkil etilishi sobiq sovet hududida yalpi nizolarning oldini olish imkonini berdi. MDHning jipslashtiruvchi missiyasi mamlakatlarimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgan davrda ayniqsa yorqin namoyon bo‘ldi deyilsa, mubolag‘a bo‘lmaydi. Markazdan qochish jarayonlari keskinlashgan bir sharoitda biz tarixiy aloqalarni saqlab qoldik va davlatlararo hamkorlikning prinsipial jihatdan yangi formatini barpo etdik”, deydi To‘qayev.
Uning fikricha, o‘tgan yillar davomida Hamdo‘stlik ishonch va hamkorlikni mustahkamlashning samarali ko‘p tomonlama mexanizmi sifatida qaror topgan hamda dunyoda keng e’tirof etilgan.
Prezident xalqlar do‘stligi, umumiy madaniy va ma’naviy merosni MDHning asosiy boyligi deb atagan. U xalqaro munosabatlarning yangi arxitekturasi shakllanayotgani, global iqtisodiy aloqalar tizimi yemirilayotgani, texnologik raqobat keskinlashayotgani, noaniqlik ortib borayotganini ta’kidlagan. Ushbu fonda har bir davlat manfaatlarini hisobga olgan holda kelishilgan yechimlarni topish imkonini beruvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri va ishonchli muloqot muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Ishonchim komilki, Hamdo‘stlikka bo‘lgan barqaror ehtiyoj aynan shu bilan izohlanadi. Yubiley yilida Deklaratsiyada mujassam bo‘lgan tamoyillarga murojaat qilishni, bosib o‘tilgan yo‘lni anglashni va kelajakdagi vazifalarni belgilab olishni taklif etaman. Noyabr oyida Olmaotada Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti (QISI) shafeligida ushbu tarixiy hujjatning 35 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. MDH davlatlari olimlari, huquqshunoslari, tarixchilari va ekspertlarini konferensiya ishida faol ishtirok etishga taklif qilamiz”, deydi To‘qayev.
So‘ngra Prezident hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan. Uning fikricha, ulardan birinchisi – MDHning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini mustahkamlab qo‘yish. Hamdo‘stlikni rivojlantirishning amaldagi Konsepsiyasi 2007 yilda qabul qilingan va olti yil avval yangilangan. Davlat rahbari keyinchalik qabul qilingan dastur va hujjatlar sohaviy xarakterda bo‘lib, ko‘pincha bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanmaganiga ishonchi komil.
“Ularni yagona va o‘zaro bog‘liq tizimga birlashtirish mumkin deb hisoblayman. Biz, MDHga a’zo davlatlar, bir savolga javob berishimiz kerak: uzoq muddatli istiqbolda Hamdo‘stlikni qanday ko‘rishni xohlaymiz va u Yevroosiyoning jadal o‘zgarib borayotgan geosiyosiy arxitekturasida qanday o‘rin egallashi kerak? Shu sababli Ijroiya qo‘mitaga mamlakatlarimiz hukumatlari bilan birgalikda MDHni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishga kirishishni taklif qilaman”, deydi Prezident.
U davlatlar uchun fundamental ahamiyatga ega bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarga – iqtisodiyot, energetika, infratuzilma, yuqori texnologiyalar va inson kapitaliga e’tibor qaratish muhimligini ta’kidlagan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda sanoat-texnologik sheriklikni takomillashtirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Qozog‘iston uchun MDH mamlakatlari bozorlari an’anaviy ravishda katta ahamiyatga ega – ularga mamlakat tashqi tovar aylanmasining chorak qismidan ko‘prog‘i to‘g‘ri keladi.
“Birgalikda ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishda ham salmoqli tajriba to‘plandi. Masalan, Qozog‘istonning Rossiya ishtirokidagi sanoat loyihalari portfelida umumiy qiymati 61 mlrd dollarlik 178 ta loyiha va tashabbus mavjud bo‘lib, ulardan 124 tasi allaqachon amalga oshirilgan. Eron va O‘zbekiston bilan taxminan ikki mlrd dollarlik 80 ta loyiha bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Belarus bilan maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikalarini birgalikda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan”, deydi To‘qayev.
Davlat rahbari MDHning sanoat-texnologik loyihalari portfelini shakllantirishni taklif qilgan.
So‘ngra u sammit ishtirokchilariga Qozog‘iston bir vaqtning o‘zida Rossiya yo‘nalishida, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan chegaralarda chegaraoldi sanoat-savdo markazlari tarmog‘ini barpo etayotgani haqida axborot bergan. Sanoat va savdo hamkorligini mustahkamlash maqsadida huquqiy baza yaratilgan.
Nutqda hamkorlikni kengaytirishning yana bir istiqbolli yo‘nalishi sifatida transport aloqalarini rivojlantirish va tranzit salohiyatini mustahkamlash tilga olingan. Qozog‘iston uchun Shimol – Janub, G‘arbiy Xitoy – G‘arbiy Yevropa koridorlari, shuningdek, Transkaspiy yo‘nalishi ustuvor hisoblanadi. Ularning uyg‘un o‘zaro bog‘liqligi butun qit’alararo tashuvlar tizimi samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
“Ustuvor vazifa – bu “yagona raqamli koridor”ni shakllantirishdir. Bizning taklifimizga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan ruxsatnoma hujjatlarini elektron almashish joriy etildi. Rossiya Federatsiyasi va Belarus bilan ham shunday ishlar olib borilmoqda. Rossiya tomoni bilan birgalikda may oyida ilk transchegaraviy pilotsiz yuk tashuvlari yo‘lga qo‘yildi. Eng samarali yechimlarni butun MDH hududi bo‘ylab kengaytirishni amaliy jihatdan maqsadga muvofiq deb hisoblayman”, deydi Qozog‘iston rahbari.
Qosim-Jomart To‘qayev sun’iy intellekt (SI) sohasida tajriba va eng yaxshi amaliyotlar bilan almashish mexanizmini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surgan. Uning fikricha, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va o‘z ishlanmalarini joriy etish qobiliyati MDH mamlakatlari iqtisodiyoti raqobatbardoshligining asosiy omili bo‘lib xizmat qiladi. Shunga ko‘ra, Prezident 2027 yilning birinchi choragida Ostonada MDH shafeligida SI sohasi mutaxassislari ishtirokida maxsus forum o‘tkazishni taklif qilgan.
Davlat rahbarining fikricha, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega, chunki aynan yaqin insoniy aloqalar, o‘zaro ishonch, bir xil mentalitet va rus tili MDHning o‘ziga xos xususiyati asosida yotadi.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda rus tilining beqiyos ahamiyatini ham ta’kidlash muhimdir. U o‘zaro anglashuvga, ta’lim, ilmiy va insoniy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi. Bu inkor etib bo‘lmaydigan fakt. Shu sababli hurmatli hamkasblarimdan Xalqaro rus tili tashkiloti faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni so‘rayman. Dunyoda 300 millionga yaqin kishi ushbu tilni turli darajada bilishini hisobga olsak, ushbu tashkilotning istiqboli porloq ekaniga ishonchim komil. Shu bilan birga, MDH davlatlarining til va madaniyat rang-barangligiga avaylab munosabatda bo‘lishni saqlash, barcha xalqlarning tarixi, an’analari va madaniyatiga tegishli hurmat ko‘rsatish, shuningdek, xalqlarimizni yaqinlashtirish uchun gumanitar sohada yanada samarali hamkorlik shakllarini izlash juda muhimdir”, deydi To‘qayev.
Uning fikricha, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash prinsipial jihatdan muhimdir. Prezident buni ta’lim, sog‘lom fikrlash va uyg‘un rivojlanishning asosi deb atagan.
“Bu internet-diktatura sharoitida, ayniqsa, yoshlar orasida TikTok-mentaliteti va shunga mos xulq-atvor kabi hodisani keltirib chiqargan sharoitda juda muhimdir”, deydi Qozog‘iston yetakchisi.
Qozog‘istonda Milliy kitob kuni ta’sis etilgan, “Millat o‘qiydigan 100 ta kitob” loyihasi amalga oshirilmoqda.
“Ushbu g‘oyani rivojlantirishni va xalqlarimiz adabiyotining sara namunalarini o‘z ichiga olgan “MDHning Oltin kutubxona fondi”ni yaratishni taklif etaman. Ushbu fond Ostonada qurilishi kelasi yil o‘rtalarida yakunlanadigan Prezident kutubxonasida joylashtirilishi mumkin. Loyiha hamma uchun ochiq raqamli kutubxona yaratish orqali professional tarjimalarni o‘z ichiga olishi mumkin”, deya taklif bildirgan To‘qayev.
Prezident, shuningdek, Hamdo‘stlikning xalqaro aloqalarini kengaytirish zarur deb hisoblaydi. Xususan, u mamlakat taklifiga ko‘ra MDH huzurida Kuzatuvchi va MDH Sherigi institutlari ta’sis etilganini eslatib o‘tgan. Ushbu yo‘nalishning mantiqiy davomi sifatida “MDH plyus” formati yaratilgan.
“Keyingi qadam birinchi “MDH plyus” sammitini o‘tkazish bo‘lishi mumkin deb hisoblayman. Oliy darajadagi bunday uchrashuv hamkorlik geografiyasini kengaytiradi, tashkilotning Yevroosiyo miqyosidagi ochiq va talabgir maydon sifatidagi rolini oshiradi. Qozog‘iston Yevroosiyo xavfsizligi va hamkorligi konsepsiyasi ustida, ushbu hujjatning ijobiy, nizosiz xususiyatini nazarda tutgan holda, konstruktiv ruhda birgalikda ishlashni davom ettirish niyatida”, deydi u.
Yakunda davlat rahbari 35 yil davomida Hamdo‘stlik davlatlar va xalqlar hayotining ajralmas qismiga aylanganini ta’kidlagan va 2027 yilda O‘zbekistonning MDHda bo‘lajak raisligini qutlagan.
Live
Barchasi