“Vaziyat jadal yomonlashmoqda”. To‘qayev Kaspiy muammosi haqida gapirdi
Olam
−
22:25 1764 3 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Kaspiy ekologiya sammitida so‘zga chiqib, Kaspiy dengizining asosiy muammolari haqida fikr bildirdi. Bu haqda Oqo‘rda xabar berdi.
O‘z nutqida Qozog‘iston rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga birinchi Kaspiy ekologiya sammitini chaqirish bo‘yicha o‘z vaqtidagi va dolzarb tashabbusi uchun minnatdorlik bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi uchrashuvni tarixiy deb atash mumkin, chunki Kaspiyning mintaqa mamlakatlari xalqlari uchun strategik ahamiyatini ortiqcha baholash qiyin.
“Kaspiy – bu betakror tabiiy xazina, millionlab insonlar farovonligining manbai, butun Yevroosiyo qit’asining asosiy transport va energetika tugunidir. Shu sababli Kaspiy dengizi ekotizimini saqlab qolish, eng avvalo, davlatlarimizdan alohida e’tiborni talab etadi.
Eron Prezidenti janob Pezeshkiyonning fikriga qo‘shilaman: bu endi shunchaki ekologik inqiroz emas, balki aslida o‘z oqibatlariga ko‘ra xavfli iqtisodiy inqirozdir. Agar hozirdan shoshilinch va qatiy choralar ko‘rilmasa, ekologik vaziyat jadal yomonlashadi, bu esa nafaqat Kaspiybo‘yi mamlakatlari xalqlariga, balki butun xalqaro hamjamiyatga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazadi”, deydi Prezident.
Qozog‘iston rahbarining aniqlik kiritishicha, 2000 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda dengiz akvatoriyasi umumiy maydonining qisqarishi 16 ming kvadrat kilometrdan oshgan. Ayrim uchastkalarda qirg‘oq chizig‘i o‘nlab kilometrga chekingan.
“Suv oqimining kamayishi, iqlim isishi va antropogen yuklama dengizning nozik tabiiy tizimi va biologik rang-barangligiga o‘ta salbiy, aytish mumkinki, halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘nggi asr davomida soni bir milliondan 270 ming boshgacha qisqargan Kaspiy tyulenlarining taqdiri alohida xavotir uyg‘otmoqda”, deydi To‘qayev.
Qozog‘iston Prezidenti Kaspiyning achinarli ahvolini mintaqadagi keng ko‘lamli iqlim o‘zgarishlaridan ayri holda ko‘rib chiqish mumkin emasligini ta’kidlagan. Uning ma’lum qilishicha, prognozlarga ko‘ra, joriy asr oxiriga borib uning ayrim qismlarida harorat 5 darajaga ko‘tarilishi mumkin.
“Bu muzliklarning erishini, suv tanqisligini, qurg‘oqchilik va yerlarning degradatsiyasini kuchaytiradi. Jahon banki baholashiga ko‘ra, 2050 yilga borib mintaqadagi deyarli 2,5 million kishi iqlim omillari sababli ichki migratsiya xavfiga duch kelishi mumkin. Dengizning sayozlashishi kemachilik va port infratuzilmasi, baliqchilik, energetika, sanoat hamda qirg‘oqbo‘yi aholi punktlarining barqaror rivojlanishi uchun tahdidlarni keltirib chiqarmoqda. Gap keng ko‘lamli ekologik ofatga olib kelishi mumkin bo‘lgan kompleks tahdidlar haqida bormoqda. Qozog‘iston bu kabi ssenariyning oqibati qanchalik yuqori ekanini tushunadi.
Orol dengizi fojiasi o‘ylanmay qilingan tabiatdan foydalanishning achinarli oqibatlari sifatida qatiy eslatma bo‘lib qolmoqda. Biz hech bir holatda bunday vaziyat takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Bir vaqtlar haqli ravishda “buyuk”, “dono” deb atalgan Kaspiyni qutqarish – bu shunchaki bizning mas’uliyatimiz emas, balki hozirgi davr davlat arboblarining sha’nidir. Chunki gap kelajak avlodlar uchun qoldiradigan merosimiz haqida bormoqda. Bugun biz qabul qilayotgan qarorlarga farzandlarimiz va nevaralarimiz Kaspiyni qanday ko‘rishi ko‘p jihatdan bog‘liq”, deydi Qozog‘iston rahbari.
Qosim-Jomart To‘qayev, shuningdek, Qozog‘iston ham xalqaro, ham milliy darajada ekologik muammolarni hal etishga alohida e’tibor qaratayotganini qo‘shimcha qilgan.
Live
Barchasi