Qotillar boshqa mamlakatlarga ham boradi – Zelenskiy BMT “kattalarini” Rossiyaning ambitsiyalaridan ogohlantirdi

Olam

image

Rossiya Ukrainada mag‘lub etilib, to‘xtatilmasa, ruslar Yevropa, osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining boshqa davlatlariga ham yetib borishi mumkin. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 24 avgust kuni Nyu-Yorkdagi BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida shunday fikr bildirdi.

U mamlakati urush sharoitida Mustaqillik kunini nishonlayotganini ta’kidlab, hozir hamma butun dunyo Ukrainaning ozodligiga naqadar bog‘ligini tushunishini aytib o‘tgan.

“Agar Rossiya hozir to‘xtamasa, Rossiyani Ukraina g‘alabasi to‘xtatmasa, bu qotillarning barchasi oxir-oqibat Yevropa, Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasidagi boshqa mamlakatlarga ham kelishi mumkin”, deydi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuz uchun javobgarlikka tortilishi kerakligini qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, u kelasi yili Kiyevda BMT shafeligida Kelajak sammitini o‘tkazishni taklif qildi.

“BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kelasi yili “Kelajak sammitini” tashkil qilmoqchi. Biz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz va umumiy kelajagimizni barpo etish uchun insoniyatning tinch-totuv yashashiga imkon bermagan, ya’ni bosqinchilik, mustamlakachilik ambitsiyalarini tarix axlatiga qoldirish zarurligini yana bir bor tasdiqlaymiz”, deydi u.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, “bu sammitni Ukrainada, umuman kelajak bo‘lish-bo‘lmasligi hal qilinayotgan mamlakatda o‘tkazish ramziy ma’noga ega bo‘lardi”. 

“Bu masala Zaporoje atom elektr stansiyasida, dengiz portlarimizda, Donbassda, Qrimda ham hal qilinmoqda. Bizning mustaqilligimiz sizning xavfsizligingizdir”, dedi Ukraina Prezidenti.

Avvalroq Rossiya Zelenskiy bilan videokonferensiya o‘tkazishga to‘sqinlik qilishga urinib ko‘rgan edi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya o‘z pozitsiyasini Rossiya delegatsiyasi “faqat Ukraina Prezidentining Xavfsizlik kengashi majlisida shaxsan ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashi” bilan asoslagan. Nebenzyaning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy Kengash yig‘ilishi uchun Nyu-Yorkka uchishi mumkin. BMT Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan 13 tasi esa Rossiya talabini qo‘llab-quvvatlamadi. Xitoy betaraf qoldi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing