Yana noutbuk mashmashasi, Rossiyadan o‘ch olishga shaylangan AQSH va Yaponiya, ikki yildan keyingi ilk Umra ziyorati – yangiliklar dayjesti
Tahlil
−
22 yanvar 2022
8308Jamiyat
Ikki yildan so‘ng o‘zbekistonliklarning ilk guruhi Umra ziyoratiga jo‘nab ketdi
Bugun erta tongda “Umra – 2022” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Umra safariga yo‘l olgan o‘zbekistonliklarni kuzatish uchun taniqli ulamolar, imom-domlalar va mutasaddilar Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lgan.
Nurafshonda yigit onasining tanishini do‘pposlab, o‘ldirib qo‘ydi
Toshkent viloyatida yigit onasi bilan spirtli ichimlik ichib o‘tirgan mehmonni kaltaklab, o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, 17 yanvar kuni soat 21:30 larda 27 yoshli P.M. Nurafshon shahar “Nurafshon” mahallasida joylashgan yashash xonadonidagi ovqatlanish xonasiga kirib, onasi 55 yoshli B.D. tanishi 57 yoshli N.R. bilan birgalikda spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tirganligini ko‘rgan. P.M. bundan jahli chiqib, N.R. bilan o‘zaro janjallashib, yog‘och bo‘lagi bilan uning chap son qismiga va tanasining duch kelgan joylariga qo‘li va oyog‘i bilan urib, tepib tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda N.R. olgan tan jarohatlari bilan Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasi olib kelinib, unga tez tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan ushbu tibbiyot birlashmasida vafot etgan.
Biri tugatilib, boshqasi ochildi. Hokimliklar huzurida yangi jamg‘armalar tashkil qilindi
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armalari tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Respublika hududlarida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
Qayd etilishicha, jamg‘armalarni shakllantirishning asosiy manbasi yerni xususiylashtirishdan va yerni ijaraga berishdan tushadigan mablag‘lar hisoblanadi.
TIV Misrga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ogohlantirdi
Misr Sog‘liqni saqlash va aholishunoslik vazirligi mamlakatga havo, dengiz portlari va quruqlikdagi chegara o‘tkazish punktlari orqali kirishda o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Qohira shahridagi Elchixonasi xabar qildi.
Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, joriy yilning 22 yanvaridan boshlab Misrga kelgan barcha fuqarolar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yoki mamlakat Dori-darmon agentligi tomonidan tasdiqlangan koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni taqdim etishlari shart. 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar bundan mustasno.
Oybek Tursunov “Kapitalbank”ning affillangan shaxslari qatoridan chiqarildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi, tadbirkor Oybek Tursunov “Kapitalbank” ATBning affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda Yagona korporativ axborot portalida keltirilgan.
2021 yilning noyabr oyida Oybek Tursunov “Kapitalbank”ning asosiy aksiyadori bo‘lgani uchun ushbu ro‘yxatga kiritilgandi. Ammo joriy yilning 20 yanvarida bankning affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarilgan. Bunga uning bank aksiyalaridagi ulushi 20 foizdan kamroqni tashkil qilgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
119 ta davlat tashkiloti Prezident farmonini bajarmagan – KQKA
2021 yil O‘zbekistonda 119 ta davlat organi va tashkiloti o‘z tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ochiq ma’lumotlar portaliga o‘z vaqtida joylashtirilishini ta’minlamagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotda aytilgan.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, agentlikka davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan.
Yana noutbuk mashmashasi: Namangandagi o‘quvchi yutgan sovrin biryo‘la tortib olindi
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Norin tumanidagi 1-maktab o‘quvchisiga berilgan noutbuk qaytarib olingani haqidagi videomurojaat tarqaldi. Videomurojaatda aytilishicha, Respublika miqyosida o‘tkazilgan onlayn olimpiadada matematika fani bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Murodjon ismli o‘quvchiga berilgan noutbuk qaytarib olingan.
“2022 yil 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Respublika onlayn olimpiadasida birinchi o‘rinni egalladim va menga noutbuk bilan faxriy yorliq berildi. Ammo bu noutbukni maktabimiz o‘qituvchilari olib qo‘ydi. Sababini so‘raganimda “bu mukofot seniki emas, chunki seni nomingdan biz ishlaganmiz, biz mehnat qilganmiz” dedi. O‘qituvchiga berilgan sovg‘ani esa metodist ishlatadi, u ham mehnat qilgan deb metodistga berib qo‘ydi”, deydi Murodjon o‘z videomurojaatida.
Olam
Bosh og‘riq Navalniy. “Putinning saroyi” filmining ikkinchi qismi e’lon qilindi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi, rossiyalik muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi (FBK) “Putinning saroyi” filmi e’lon qilinganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan sirli qarorgoh haqida yangi faktlarni oshkor qildi.
Navalniy jamoasi Rossiya rahbarining Gelenjikdagi qarorgohi deya atab kelinadigan koshonaning ichki interer suratlari aks etgan hujjatli filmning ikkinchi qismini FBKning YouTube kanaliga joylashtirgan.
Navalniy Rossiyaga qaytgan payti hibsga oliganidan so‘ng, ommaga e’lon qilingan hujjatli film Rossiya rasmiy telekanallari tomonidan “multfilm” deya e’tirof etilib, undagi barcha ma’lumotlar uydirma ekani ta’kidlangandi.
AQSH va Yaponiya Ukraina uchun Rossiyadan o‘ch olmoqchi
Kecha, 21 yanvar kuni AQSH Prezidenti Jozef Bayden Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida bilan telekonferensiya chog‘ida Ukraina-Rossiya chegarasidagi tahlikali vaziyatni muhomaka qildi.
Davlat rahbarlari agar Rossiya Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa kuchlarni birlashtirgan holda Kiyevga ko‘maklashish va kerak bo‘lsa Rossiyaga qarshi birgalikda chora ko‘rishga kelishib oldi. Bu haqda, Oq uy Matbuot xizmati o‘zining e’lon qilgan yozma bayonotida ma’lum qilgan.
“Rahbarlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini to‘xtatish uchun yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olishdi. Bosh vazir Fumio Kishida AQSH va boshqa xalqaro ittifoqchilar bilan birgalikda Ukraina xavfsizligini ta’minlash borasida va unga nisbatan uyushtirilgan har qanday hujumlar chog‘ida hamkorlikni yanada kuchaytirishga va’da berdi”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Shvarsenegger halokatga uchradi
Amerikalik aktyor va siyosatchi Arnold Shvarsenegger yo‘l-transport hodisasiga uchradi. To‘qgashuvdagi ikkinchi mashinada bo‘lgan ayol shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda TMZ xabar berdi.
“Arnold Yukon rusumli yo‘ltanlamas mashinasini haydab ketayotib, qizil Prius bilan to‘qnashib ketdi... Uning yo‘ltanlamasi aylana boshladi va Prius’ning tomiga chiqib ketdi”, deyiladi xabarda.
AQSH Afg‘onistonga mo‘ljallangan vertolyotlarni Ukrainaga beradi
AQSH Ukrainaga Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-17 vertolyotlarini beradi. Ular Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelguniga qadar afg‘on armiyasiga topshirish uchun mo‘ljallangan edi. Bu haqda Oq uy Matbuot kotibi Jen Psaki ma’lum qildi.
“Biz yaqinda Kongressni Mi-17 vertolyotlarini joylashtirish niyatimiz haqida xabardor qildik. Shuning uchun men Prezident kutmoqda, deb aytmagan bo‘lardim. Bu yo‘nalishdagi harakatlar yaqqol ko‘rinib turibdi”, degan u Oq uyda jurnalistlar uchun o‘tkazilgan navbatdagi brifingda.
“Sovuq urush davridagidan ham xavfli”. BMT dunyodagi vaziyatdan xavotirda
Dunyo “Sovuq urush” davridagidan ko‘ra xaotik va oldindan aytib bo‘lmaydigan xavfli vaziyatda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Sovuq urush” ikki blok o‘rtasida olib borilgan, har birining o‘z ittifoqchilari bo‘lgan, bloklararo mojarolarning oldini olishning aniq qoidalari va mexanizmlari mavjud bo‘lgan. Bashorat qilish mumkin bo‘lgani tufayli “Sovuq urush” hech qachon bloklar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga aylanmagan.
“Biz hozir ko‘rayotgan narsamiz ancha tartibsizroq va oldindan aytib bo‘lmaydigan narsa, bizda inqirozlarni yengish uchun vositalar yo‘q. Demak, biz, shubhasiz, juda xavfli vaziyatdamiz”, degan Guterrish.
Mashinasini “magnitofon”siz chiqarayotgan “UzAuto Motors” Rossiyaga Tracker va Onix sotmoqchi
O‘zbekistonning “UzAuto Motors” kompaniyasi Rossiya bozoriga Chevrolet Tracker krossoveri va Onix sedanini yetkazib beradi. Bu haqda Rossiya mahalliy nashrlari ma’lum qildi.
Nashrga ko‘ra, Rossiyada Tracker ixcham krossoverining debyuti 2022 yilning dekabrida yoki 2023 yilning yanvarida bo‘lib o‘tadi. Onix yetkazib berilishi esa 2023 yilning yoz oylariga rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda Chevrolet Tracker krossoverining sotuvi 2022 yilning sentyabrida, Onix sedaniki esa 2023 yil martidan boshlanadi.
Qit’a urushi qachon bo‘lishi taxmin qilindi
Keyingi qit’a urushi yaqin bir necha o‘n yilliklarda bo‘lishi mumkin. Bu haqda Germaniya Harbiy-dengiz kuchlari rahbari, vitse-admiral Kay-Axim Shyonbax ta’kidlagan.
“Menimcha, (qit’alar o‘rtasida) urush yaqin ikki yoki uch yil ichida emas, balki yaqin 10-20 yil ichida bo‘ladi”, degan Shyonbax Hindiston Mudofaa tadqiqotlari institutida bo‘lib o‘tgan konferensiyada.
Vitse-admiralning fikricha, ikki tomonlama hamkorlik hech narsani anglatmaydi.
Qozog‘iston yadro quroli bo‘yicha dunyoga chaqiriq bilan chiqdi
Qozog‘iston dunyo davlatlarini Yadroviy qurollarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomasi qo‘shilishga chaqirdi. Bu haqda “Kazinform” Qozog‘iston TIVga asoslanib, xabar berdi.
Yadro qurolini taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma (YAQTSH) kuchga kirganining bir yilligi munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi insonparvarlik va ekologik oqibatlarga duch kelgan yadroviy qurolsizlanishning faol tarafdori sifatida Yadro quroli sinovlari to‘g‘risida, dunyoning barcha mamlakatlarini yadro qurolidan holi qilish uchun YAQTSHga qo‘shilishga chaqirgan.
Durov Rossiyaning navbatdagi taqiqini qoralab, O‘zbekistonni namuna qilib ko‘rsatdi
Rossiyada kriptovalyutalarning taqiqlanishi IT-mutaxassislarining mamlakatdan chiqib ketishiga olib keladi va yuqori texnologiyali iqtisodiyot tarmoqlarini yo‘q qiladi. Bu haqda Telegram ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durov aytib o‘tdi.
Durovning ta’kidlashicha, Rossiya Markaziy bankining mamlakatda kriptovalyutalarni taqiqlash taklifi umuman blokcheyn texnologiyalari rivojlanishini sekinlashtiradi.
“Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki kriptovalyutalarni butunlay taqiqlashni tavsiya etib, chaqaloqni suvga uloqtirishni taklif qilmoqda. Bunday taqiq noqonuniy o‘yinchilarni to‘xtatib qo‘ya olishi dargumon, biroq bu sohadagi qonuniy loyihalarga chek qo‘yadi”, deydi Durov.
Sport
YouTube yulduzi UFC’da jang qilishi mumkin
UFC prezidenti Dana Uayt YouTube blogeri Jeyk Pol bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan mojaroga qaramay, uni tashkilot janglarida ishtirok etishi mumkinligini ma’lu qildi.
“Men bu bolani hatto tanimayman. Rostini aytsam, aynan shu yerda va hozir siz mendan u haqida oxirgi marta eshityapsiz. Men u bilan tugatdim. Unga UFC’da qatnashishiga ruxsat berardimmi? U nimani xohlasa, qila oladi. Bilmayman. Men bu hech qachon sodir bo‘lmaydi, deb o‘ylamayman”, deydi Uayt.
UFC’dagi eng zo‘r jangchi kim? So‘z Mayk Taysonga
Professional boksning super og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Mayk Tayson UFC’dagi eng yorqin jangchi nomini aytdi. Bu tashkilot tarixidagi ilk chempion Roys Greysi bo‘lib chiqdi.
“Men doim Roys Greysining janglarini tomosha qilganman. U hammaning do‘sti edi va xuddi David singari barcha Goliaflarni mag‘lubiyatga uchratar edi. Ammo endi hamma uning uslubini biladi”, deydi Tayson.
“Temir Mayk” ko‘plab UFC jangchilari bilan iliq munosabatda va o‘zining ko‘plab podkastlarida Genri Sexudo haqida ko‘p gapirgan.
Ronaldu mojarosi davom etadi. MYU yoshlari undan norozi
“Manchester Yunayted”ning yosh futbolchilari klubning portugaliyalik hujumchisi Krishtianu Ronaldudan norozi. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, klubning ayrim futbolchilari portugaliyalik hujumchining bir necha kun avval bergan intervyusida yosh futbolchilar haqida tanqidiy fikr bildirganidan norozi bo‘lishgan. Hattoki, Edinson Kavani ingliz tilini yaxshi bilmasa ham, yosh futbolchilar bilan til topishishi osonroq.
Agar “Qizil iblislar” UEFA Chempionlar ligasiga yo‘llanma olmasa, Ronaldu klubdan ketishi haqida xabar berilgan edi. Portugaliyalik futbolchi yevrokuboklarda 6 marta g‘olib bo‘lgan va yaqinda vafot etgan “Real” afsonasi Fransisko Xentoning rekordini yangilamoqchi. Krishtianu 5 marta YeCHL bosh sovriniga ega chiqqan.
LiveBarchasi