Qatar Amiri Damashqqa bordi

Olam

image

Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy rasmiy tashrif bilan Damashqqa bordi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Qatar Amirining tashrifi Suriyada hokimiyat almashganidan keyingi ilk rasmiy tashrif bo‘ldi. Kecha, 29 yanvar kuni Suriya ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan mashhur) o‘tish davri prezidenti sifatida e’lon qilingandi. AFP Suriya elchixonasiga tayanib, ikki yetakchining Damashqdagi uchrashuvi “tarixiy tashrif” doirasida bo‘lib o‘tayotgani va u asosan “bir nechta sohalardagi hamkorlik va yordam” masalalariga bag‘ishlanishini xabar qildi.

“Al Jazeera”ga ko‘ra, Qatar Amiri 2024 yilning dekabrida Suriya Respublikasida hokimiyat almashganidan keyin Damashqqa tashrif buyurgan ilk arab yetakchisi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Qatar Bashar Asad prezidentlik qilgan yillarda Suriya bilan diplomatik aloqalar olib bormagan. Biroq Asad rejimi ag‘darilgach, Doha Anqara ortidan Damashqdagi elchixonasining faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ydi. Joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida Qatar Bosh vaziri ham Damashqqa borib, yangi Suriya rahbari bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Muzokaralar yakunida Doha Suriya infratuzilmasini tiklash uchun texnik yordam ko‘rsatishini va arab respublikasiga 200 MVt elektr energiyasi yetkazib berishni boshlashini ma’lum qilgan.

Qayd etish joiz, Suriyada hokimiyat tepasiga yangi kuchlar kelgach, ular ko‘plab mamlakatlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishni boshladi. Ularning yetakchisi Ahmad ash-Shara o‘tgan yil oxirida Suriyada hokimiyatni egallaganidan beri Damashqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan, Qatar Tashqi ishlar vazirligi davlat vaziri Muhammad al-Xulayfiy, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga, Livanning o‘sha paytdagi bosh vaziri Najib Mikati, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro bilan uchrashdi.

Ash-Shiboniy boshchiligidagi Suriyaning yangi rasmiylari delegatsiyasi Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA va Iordaniyaga bordi.


Maqola muallifi

Teglar

Qatar Tamim bin Hamad Ol Soniy Ahmad ash-Sharo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing