Turkiya yana 3 davlat bilan harbiy hujjat imzoladi. Urush yaqinmi?

Olam

−

image

Bugun, 21 oktyabr kuni Qatar poytaxti Dohada Turkiya, Qatar, Indoneziya va Pokiston o‘rtasida harbiy ishlab chiqarish, ta’lim, tadqiqot va ishlanmalar sohalarida hamkorlik qilishga qaratilgan “Badr” anglashuv memorandumi imzolandi.

Dohada bo‘lib o‘tgan imzolash marosimida Turkiya nomidan mamlakat milliy mudofaa vaziri Yashar Guler ishtirok etdi. Memorandumni, shuningdek, Qatar Mudofaa ishlari bo‘yicha davlat vaziri shayx Saud bin Abdurahmon bin Hasan Ol Soniy, Indoneziya Mudofaa vaziri Sjafri Sjamsuddin va Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Osif imzoladi.

“To‘lin oy” ma’nosini anglatuvchi “Badr” nomini olgan ushbu memorandum to‘rt davlatning mudofaa sanoatidagi mavjud hamkorligini yanada keng qamrovli va ko‘p tomonlama tuzilmaga aylantirishga qaratilgan.

Mudofaa sanoati boshqarmasi muvofiqlashtiruvi ostida amalga oshiriladigan bu jarayonda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik faqatgina harbiy platformalar va uskunalarni yetkazib berish bilan cheklanib qolmasligi maqsad qilingan.

Shu nuqtai nazardan, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini ishlab chiqish, ta’minot zanjirlarini integratsiyalash, mudofaa texnologiyalari va bilimlar transferini kengaytirish rejalashtirilgan.

Memorandumda to‘rt davlatning harbiy salohiyatini mustahkamlash, harbiy-texnik tayyorgarlik tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.

“Badr” memorandumining diqqatga sazovor jihatlaridan biri shundaki, uning qamrovi faqat mudofaa sanoatidagi hamkorlik bilan cheklangan.

Hujjat mamlakatlar o‘rtasida qo‘shma harbiy ishlab chiqarish va texnologiyalarni yaratish jarayonlarini tartibga soladi, biroq tomonlardan biriga hujum qilingan taqdirda, boshqa davlatlarga harbiy aralashuv majburiyatini yuklovchi jamoaviy mudofaa bandini o‘z ichiga olmaydi.

Ma’lumot uchun, Dohadagi ushbu kelishuv joriy yilning avgust oyida Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tuzilgani e’lon qilingan Makka mudofaa paktidan keyin imzolandi. 16 ta moddadan iborat kelishuvga ko‘ra, tomonlardan biriga tashqaridan qilingan qurolli hujum barcha tomonlarga qilingan hujum deb hisoblanadi va hujumga uchragan mamlakatga, jumladan, harbiy imkoniyatlar orqali ham yordam ko‘rsatiladi. Yangi mamlakatlar kelishuvga faqat uch mamlakatning bir ovozdan roziligi (yakdil qarori) bilangina qo‘shilishlari mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing