Ikki harbiy ittifoqchi nizosi: Tojikiston o‘z fuqarolarini Qirg‘izistonga bormaslikka chaqirdi
Olam
−
27 may 2021
7847Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolarini Qirg‘izistonga har qanday sayohatdan voz kechishga va ushbu davlat hududidan boshqa davlatlarga borish uchun tranzit sifatida foydalanmaslikka chaqirdi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida xabar berilgan.
Ma’lum qilinishicha, Tojikiston tomonining bunday chaqiruviga Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining 24 maydagi “Tojikiston bilan davlat chegarasini kesib o‘tishni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida”gi qarori sabab bo‘lgan.
“Har qanday transport turi bilan yuk va yo‘lovchi tashishni amalga oshiruvchi Tojikiston Respublikasining yuridik shaxslari va yakka tartibdagi tadbirkorlari Qirg‘iziston Respublikasi hududidan foydalanmasliklari, ushbu hududni uchinchi davlatlardagi muqobil yo‘llar orqali bosib o‘tishi kerak”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Xabarda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston hududida agar mamlakat fuqarolarining huquqlari buzilsa yoki ularga nisbatan xuruj namoyon bo‘lsa, Tojikistonning Bishkekdagi elchixonasi ishonch telefoniga murojaat qilishni so‘ragan.
Ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat oqibatida safarga chiqqan yo‘lovchilar, allaqachon, sarson bo‘lishni boshlab yuborgan. Jumladan, “Somon Air” aviakompaniyasining samolyoti 25 mayga o‘tar kechasi Dushanbedan Bishkekka uchgan. Qirg‘izistonning Manas aeroportiga qo‘ngan samolyot yo‘lovchilari, hatto, samolyot bortidan ham tushirilmay, to‘rt soat kutib, yana Dushanbega qaytib uchib ketgan. Tojikistonning Bishkekdagi konsulining aytishicha, cheklovlar to‘g‘risida rasmiy Dushanbe oldindan xabardor qilinmagan va oqibatda oddiy fuqarolar qiyinchiliklarga duch kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 maydagi farmoniga binoan, Tojikiston fuqarolari uchun Qirg‘iziston hududiga kirish/chiqish, qolish, harakatlanish va tranzit orqali o‘tishda vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Vazirlar Mahkamasi raisi Ulug‘bek Maripov ushbu qarorni chegara masalalari bilan asoslab berdi.
Ma’lumot uchun, Tojikiston va Qirg‘iziston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) a’zo. Tashkilot a’zo mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy yaxlitligini ta’minlashga yo‘naltirilgan. Tashkilotga a’zo davlatga tashqi harbiy-siyosiy tajovuz sodir etilganda, xalqaro terroristlar hujum qilganda hamda keng ko‘lamli tabiiy ofat yuz berganda boshqa ishtirokchilar armiya va boshqa yordamchi bo‘linmalar orqali ko‘mak berishi belgilangan. Tashkilotga bu ikki davlatdan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Armaniston va Belarus kiradi.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 28 aprel kuni Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi.
Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.
Shu kunning o‘zida Japarov va Rahmon telefon orqali suhbatda may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan edi.
1 may kuni ikki davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitalari rahbarlari chegara hududida uchrashib, o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga kelishib oldi.
Shuningdek, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Tojikiston bilan chegaradagi mojaro tojik tomoni suv inshooti oldida kuzatuv kameralarini o‘rnatishni boshlashi ortidan boshlanganini ma’lum qildi.
2 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston harbiylar va harbiy texnikani chegaradagi qurolli to‘qnashuv zonasidan olib chiqishni boshladi.
Keyinchalik, Rasmiy Bishkek va Dushanbe chegaraning umumiy qismini tavsiflash jarayonini faollashtirishga kelishib olgani ma’lum qilindi.
Davlat chegarasini muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nazarali uulu Talantbek Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi nazorat punktlari vaqtincha yopilganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qirg‘iz-tojik davlat chegarasidagi vaziyat barqarorlashishi munosabati bilan qirg‘iz xalqiga murojaat qildi.
3 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradan qo‘shimcha harbiy kuchlarni to‘liq olib chiqdi.
Shu kuni 2010 yilda Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida yuz bergan voqealar vaqtida mamlakat Prezidenti bo‘lgan Roza Otunbayeva vatandoshlariga murojaat yo‘llab, otishmalarga tashqi kuchlar aloqadorligini aytdi.
Tojikiston Bosh prokuraturasi Qirg‘iziston bilan chegaradosh Isfara shahrining Chorkux qishlog‘iga qilingan hujum uchun qirg‘iz harbiy xizmatchilariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘adi.
Qolaversa, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov qirg‘iz-tojik chegarasida yuz bergan to‘qnashuvlar yuzasidan Qirg‘iziston tomoniga hamdardlik bildirdi.
Avvalroq Qirg‘iziston chegaradagi voqealarni harbiy bosqinchilik deb atagandi. Tojikiston ushbu mojaroni tajovuzkorlik deb baholadi.
4 may kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon tojik-qirg‘iz chegarasida yuz bergan to‘qnashuvlar natijasida vayron bo‘lgan tojikistonliklarning uylarini davlat byudjetidan qayta qurishga ko‘rsatma berdi.
Tojik-qirg‘iz mojarosidan so‘ng Qirg‘izistonning Botken viloyati rahbari ishdan olindi.
Joriy yilning 7 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan tojik-qirg‘iz mojarosidagi vaziyat haqida gaplashdi.
10 may kuni Rossiya tomonining tashabbusi bilan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi. Unda Putin Rossiya Federatsiyasi Qirg‘iziston Respublikasiga chegara mojarosining gumanitar oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini aytdi.
LiveBarchasi