“Genotsid emas”. Makron Baydenning aybloviga qo‘shilmadi
Olam
−
13 aprel 2022
16320Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini “genotsid” deb atashdan bosh tortdi. Bu haqda u “France 2”ga bergan intervyusida aytgan.
Shu bilan birga, Makron ukrainlar va ruslarni “birodarlar” deb atagan.
“Bugun men bunday atamalardan ehtiyot bo‘lgan bo‘lardim, chunki bu ikki xalq [ruslar va ukrainlar] birodardirlar. Men imkon qadar bu urushni to‘xtatish va tinchlikni tiklash uchun harakat qilishni xohlayman. Ritorikaning kuchayishi shu maqsadga xizmat qilishiga ishonchim komil emas”, degan u.
Makron Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini harbiy jinoyat deb atagan, shuningdek, “vaziyat qabul qilib bo‘lmas” ekanini aytgan.
“Biz harbiy jinoyatlar sharoitida yashayapmiz”, deya qo‘shimcha qilgan Fransiya Prezidenti.
Shuningdek, u ushbu jinoyatlar uchun jazolanadiganlarni topishga chaqirdi.
“Rossiya bir tomonlama tarzda o‘ta shafqatsiz urush boshladi, Rossiya armiyasi harbiy jinoyatlar sodir etgani aniqlandi, endi biz aybdorlarni topishimiz kerak”, deya xulosa qilgan Makron.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada genotsid sodir etayotganini aytgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi