Feruza mamlakatni falaj qilayotgan korrupsion tizimning bir uchiga teginib qo‘ygan – Tashanov
Jamiyat
−
08 avgust 2021
21246Agar huquq-tartibot organlari istasa, jurnalist Feruza Najmiddinovaga tuhmat qilib, uning suratlari bilan behayo videolarni tarqatganlarni “shest sekund”da topish mumkin. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozmoqda.
“Bir necha kundan beri “Qalampir.uz” tahririyati jurnalisti Feruza Najmiddinovaning sha’n va qadr-qimmatini oyog‘osti qilishga urinish, uning kasbiy professional faoliyatiga tahdid bilan bog‘liq voqea jamoatchilik muhokamasidadir. Ko‘plab jamoatchilik namoyondalari, tashkilotlar va jurnalistlar voqeani qoralab chiqmoqda.
Rasmiylar esa Yunusobod militsiyasi voqeani surishtirayotgani, aybdorlarni qidirayotganini ta’kidlashgan. Parda ortida jurnalistning axloqini so‘roq ostiga qo‘yishga qaratilgan fitna sababchilarini go‘yo izlamoqda. Shu yo‘l bilan jamoatchilikdagi norozilik asta-sekin bostirib boriladi.
Aksincha, boshdan oyoq ayg‘oqchilik va axborot tashishga yo‘naltirilgan tizim uchun bunday ssenariyni fosh qilish “shest sekund”lik ish. Lozim holatda ko‘p qavatli uyning yo‘lagidagi hodisa tugul, quvur ichidagi kalamushning bosh ko‘targanini bilish qudratiga ega tizim uchun jurnalistga tahdidni ochiqlash pista chaqishdek gap”, deydi Tashanov.
Inson huquqlariga faoliga ko‘ra, jurnalist Najmiddinova butun mamlakatni falaj qilayotgan korrupsion tizimning bir uchiga teginib qo‘ygan. Butun jamoatchilik uchun boshqa, o‘zlari uchun boshqa “qonun”lar yaratgan xalqaga daxl qilgan. U so‘zida davom etarkan, Feruza Najmiddinovaning sha’nini toptashga bo‘lgan urinish, mamlakatda so‘z erkinligiga tahdid sifatida baholanishi kerakligini urg‘ulaydi.
“Feruzaga tahdid mamlakatda so‘z erkinligi, ochiq jamiyat va plyuralizmga tahdid o‘laroq baholanishi kerak. Saylovlarda prezident bo‘lishni iddao qilayotgan kulgili nomzodlar haqiqatan ham jiddiy bo‘lishsa, ishlarini ana shu voqeaga munosabat bildirishdan boshlashlari kerak edi.
Dunyo oldida siyosiy imtihondan o‘tayotgan hukumat jurnalist qo‘yayotgan jo‘n — nega qonunga amal qilish standarti bir xil emas, degan savolga javob berishi lozim edi.
O‘ylaymanki, bu savolga yaqin orada hech kim javob bermaydi, berolmaydi ham. Chunki parda ortidagi sharafsizlar, yo‘lakda ehtirosli muqom qilayotgan benomus raqqoslar ham ularning o‘zlaridir.Keling, shunday emasligini isbot qiling!”, deydi Tashanov.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqrlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida bo‘hton va tuhmatdan iborat video tarqatildi. Ushbu video avval Najmiddinovaning suratlari joylashtirilib, so‘ng Olmazor city hududidagi uylarning biri bolkonida sodir bo‘lgan erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat tasvirlari bilan montaj qilingan. Unda ushbu video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani aytiladi.
Najmiddinovaning sha’nini toptash, obro‘sizlantirish maqsadida tayyorlangan ushbu video tez orada ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilishiga erishildi. Kecha holat bo‘yicha aybdorlarni topish va jazolash yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. IIV, "Yuksalish" umummilliy harakati, Senat, AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov, fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan #men_Feruzaman fleshmobi boshlandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr