Farg‘onada ushlangan ISHID tarafdori, ulushini oshirgan Usmonov, cho‘chqa yurakli odam… Kecha nimalar bo‘ldi?

Tahlil

image
Kecha O‘zbekiston va xalqaro maydonda qanday muhim voqeliklar sodir bo‘ldi? 11 yanvar tarix zarvaraqlarida muhr qoldira oldimi? O‘tgan kunning muhim voqea-hodisa va yangiliklar qisqacha tafsiloti bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Jamiyat 

To‘rt viloyatda Odam DNKsi ekspertizasi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sud ekspertizasi sohasida ekspertlik ishlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Farg‘ona, Surxondaryo, Xorazm hududiy bo‘limlarida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi va Samarqandda Odam DNKsiga qo‘shimcha ravishda Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalari tashkil qilinadi.

Navoiyda ayol uxlab yotgan erini bolta bilan chopib tashladi

Navoiyda ikki bolaning onasi bo‘lgan ayol turmush o‘rtog‘ini uxlab yotgan joyida 13 marta bolta bilan urib, o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda "Yangi davr" ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2021 yilning 1 avgust kuni Navbahor tumanining “Kelachi” mahallasida yashovchi ayol o‘zaro mojarodan g‘azablanib, uxlab yotgan erining bo‘yniga bolta bilan urgan. Erkak birinchi zarbadayoq o‘lishiga qaramay, tanaga yana 13 marta zarba bergan.

Farg‘onada 19 yashar “Islom davlati” terroristik tashkiloti tarafdori ushlandi

Farg‘onada "Islom davlati" terroristik tashkiloti tarafdori qo‘lga olindi. U yaqin aloqalaridan iborat yashirin "jamoat" tuzib, ular orasida "Islom davlati" terroristik tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Farg‘onada yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan U.M. ijtimoiy tarmoq orqali yot g‘oyalar ta’siriga tushib, Suriyadagi "Islom davlati" xalqaro terroristik tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilish maqsadida 2021 yilning aprel oyida Turkiya davlatiga borgan.

Qozog‘istonda o‘zbekistonliklar hibsga olinganmi? TIV rasmiy bayonot berdi

Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘istonda hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi. 

“O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda. O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi Elchixonasi, Olma-ota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etildi”, deyiladi xabarda.

Alisher Usmonov “Kapitalbank"dagi ulushini oshirdi

Asli kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga aloqador kompaniya “Kapitalbank"ning 8,33 foiz aksiyalarini sotib oldi va bank ustav kapitalidagi ulushini 25 foizgacha oshirdi. Bu haqda “Toshkent” Respublika fond birjasi ma’lum qildi.

Bankning ushbu aksiyalarini Alisher Usmonovning USM holding kompaniyasi shu’ba korxonasi — “Telekominvest” MCHJ xarid qilgan.

“Mana senga olam-olam pul”. “Buxoro neft bazasi”da qancha pul yeb yuborilgani ochiqlandi

“Buxoro neft bazasi” MCHJda mahsulotlarni noqonuniy yetkazib berish va talon-taroj qilish holatlari aniqlandi. Qayd etilishicha, MCHJ tomonidan qurilish korxonalariga asossiz ravishda 298,1 mln so‘m miqdorida, xodimlarga 31,6 mln so‘m miqdorida ortiqcha ish haqi va mukofot pullari to‘lab berilgan. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, neft mahsulotlari to‘lov oldindan 100 foiz o‘tkazilgandan so‘ng yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda belgilangan me’yoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida “Buxoro neft bazasi” MCHJda 50,5 mlrd so‘m debitor qarzdorlik yuzaga kelgan. O‘z vaqtida undiruv choralari ko‘rilmagani natijasida, neft bazasi bo‘yicha 984,7 mln so‘m mablag‘ “umidsiz” qarzga aylanib ulgurgan.

Toshkentda qora “maska”lilar jami 14 ta qarag‘ayni arralab ketdi

Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida 18 dona eldor qarag‘aydan 10 tupi noma’lum kimsalar tomonidan tunda arralab ketildi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur hududni auksion orqali qo‘lga kiritgan fuqaro ushbu daraxtlarni boshqa joyga ko‘chirishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilgan. Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bunga rad javobini bergan.

Olam

Ruzaxunov Bishkekka qaytarildi. Qirg‘iziston Qozog‘istonda ikki qurbon berdi

Qozog‘istonda hibsga olingan qirg‘izistonlik jazz musiqachisi Vikram Ruzaxunov kecha, 10 yanvar kuni vataniga qaytarildi. 

U kecha “Oq-Jol” nazorat-o‘tkazish punktida chegarani kesib o‘tgan. 

Jurnalistlar va faollar uni nazorat-o‘tkazish punktida bir necha soat kutishdi, lekin Ruzaxunov bilan uchrasha olishmagan. Musiqachi nazorat punktidan konsullik mashinasida olib ketilgan. 

AQSHda favqulodda holat: koronavirusga chalinish bo‘yicha yangi jahon rekordi qayd etildi

Amerika Qo‘shma Shtatlarida bir kunda 1,13 million yangi COVID-19 holati aniqlandi. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda.

Agentlikning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich yangi jahon rekordiga aylangan. Shu bilan birga, infeksiyalarning yakuniy soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligi aytilgan, chunki Amerikaning barcha shtatlari kasallanish bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qila olmagan. 

“Yuqumli “omicron” shtammi tarqalishining sekinlashuvi bo‘yicha belgilar yo‘q”, deyiladi nashrda. 

Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyoda urush qo‘zg‘atilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak – XXR 

Rossiya va Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining ichki ishlariga tashqi aralashuv bo‘lishiga qarshi turishi kerak. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan telefon suhbatida aytib o‘tgan.  

“Tomonlar muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishda, Markaziy Osiyo davlatlarining ichki ishlariga tashqi kuchlarning aralashuviga qarshi turishda, shuningdek, “rangli inqiloblar” va “uch yovuz kuch” (terrorizm, ekstremizm, separatizm) betartiblikni vujudga keltirishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak”, degan u. 

Rossiya samolyoti favqulodda Urganchga qo‘ndi

Moskva — Qarshi reysini amalga oshirayotgan Rossiyaning “S7 Airlines” aviakompaniyasi samolyoti yo‘lovchilardan birining tobi qochgani sabab favqulodda Urganchga qo‘ndi.  Bu haqda “Uzbekistan Airports” Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 11 yanvar kuni soat 01:42 da Rossiyaning “S7 Airlines” aviakompaniyasining Moskva — Qarshi yo‘nalishida SB-I3313 reysini amalga oshirayotgan samolyoti Urganch aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan. 

Cho‘chqaning yuragi odamga muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazildi 

Amerikalik shifokorlar geni o‘zgartirilgan cho‘chqaning yuragini ilk bor odamga muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazdi. Bu haqda “The New York Times” xabar bermoqda.  

Qayd etilishicha, sakkiz soatlik operatsiya Baltimorda joriy yilning 7 noyabr kuni o‘tkazilgan. Merilend universiteti tibbiyot markazi jarrohlariga ko‘ra, 10 yanvar kuni bemor — 57 yoshli Devid Bennettning ahvoli yaxshi bo‘lgan. U hali apparatga ulangan, ammo yangi yurak ishlamoqda va ishning katta qismini bajarmoqda. 

O‘zini o‘ldirgan IIB boshlig‘i namoyishchilarga o‘q uzishga qarshi chiqqan

O‘z joniga qasd qilgan Qozog‘istonning Jambil viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Janat Sulaymanov Qozog‘istonda namoyishlar avjiga chiqqanda ularga qarata o‘q uzmaslikka buyruq bergan. Bu haqda “Orda.kz” nashri xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, joriy yilning 5 yanvaridan 6 yanvarga o‘tar kechasi departamentga hujum bo‘lgan vaqtda  huquq-tartibot idoralari xodimlari binoni tark etishgan. Politsiyachilarning nashrga ma’lum qilishicha, ochiq to‘qnashuvlardagi otishma paytida tinch aholiga zarar yetkazish xavfi juda yuqori bo‘lgan.

Sport

Ahmadaliyev majburiy da’vogarga qarshi ringga ko‘tariladi

Professional boksning super yengil vazn toifasida IBF va WBA yo‘nalishi chempioni Murodjon Axmadaliyev va majburiy da’vogar Marlon Tapales o‘rtasidagi jangni tashkil etish uchun auksion e’lon qildi. Auksion joriy yilning 18 yanvar kuni IBF’ning Nyu-Jersi shtati Springfild shahrida joylashgan shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tadi.

Tashkilot tomonlarga kelishuvga erishish uchun 2 fevralga qadar muhlat bergandi. Biroq, Tapalesning jamoasi ushbu jarayonni muddatidan avval o‘tkazish taklifi bilan chiqdi. O‘z navbatida IBF buni ma’qulladi.

“Paxtakor”ga xorijlik yangi murabbiy tayinlandi

Bugun, 11 yanvar kuni Slavche Voyneski Toshkentning “Paxtakor” klubiga yangi bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Voyneski jamoani tark etgan Piter Xyuistraning o‘rnini egallaydi. Makedoniyalik mutaxassis “sherlar” bilan bir yillik shartnoma imzolagan. 

Yo‘nalish o‘zgardi: Ronaldu PSJ futbolchisiga aylanishi mumkin

“Manchester Yunayted” hujumchisi Krishtianu Ronaldu PSJ futbolchisiga aylanishi mumkin. Bu haqda “Le 10 Sport” nashri xabar berdi. 

Qayd etilishicha, hujumchi Kilian Mbappe Parij klubini tark etishga yaqin turibdi, shu bois rahbariyat tarkibni kuchaytirish variantlarini qidirmoqda. Manbaning xabariga ko‘ra, agar Ronaldu “Qizil iblislar” safini tark etadigan bo‘lsa, Parij klubi vaziyatdan foydalanishga harakat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

209

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing