Farg‘ona, Buxoro va Sirdaryodagi maktablarda qishki ta’til uzaytirildi

Jamiyat

image

Farg‘ona, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi.

Farg‘ona viloyatida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotgani sababli, hududdagi 975 ta umumta’lim maktablarida, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda hamda barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi. 

Shuningdek, Buxoro viloyatida ham sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotganidan kelib chiqib, barcha umumta’lim maktablari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim ta’lim hamda barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi.

Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatida o‘quvchilarning salomatligi, qolaversa, ularning ta’lim muassasiga qatnashida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarni inobatga olgan holda mavjud 325 ta maktab va 199 ta bog‘chada dars hamda mashg‘ulotlar 18 yanvardan boshlanishi belgilandi.

“O‘qishni boshlashning aniq muddatini belgilash qarori nafaqat ta’lim muassasalari ma’muriyati, balki ota-onalar va pedagogik tarkib bilan maslahatlashgan holda qabul qilindi”, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Buxoro viloyati umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’lim jarayonlarining boshlanishi 11 yanvardan 16 yanvarga ko‘chirilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Xorazmda ham o‘qish boshlanishi 16 yanvarga ko‘chirilgandi.

Joriy yilning 11 yanvaridan Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida ularning sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, bosqichma-bosqich hamda Sirdaryo viloyatidagi mavjud maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari uchun 13 yanvardan, boshlang‘ich sinf hamda bog‘chalarda esa 16 yanvardan dars va mashg‘ulotlar boshlanishi haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari, Andijon va Xorazm viloyatlaridagi maktablarda 11 yanvardan ta’lim jarayonlari tiklanishi ma’lum qilingandi. 

Shu bilan birga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanishini e’lon qilgandi.

Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi esa joriy yilning 5 yanvar kuni anomal sovuq sabab O‘zbekistondagi barcha maktablarda qishki ta’til 17 yanvargacha uzaytirilgani, 2022-2023 o‘quv yilining III choragi 2023 yilning 18 yanvaridan boshlanishini bildirgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

maktab ta'til

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing