Ertaga Istanbulda Ukraina, Turkiya va Rossiya don eksportini muhokama qiladi
Olam
−
12 iyul 2022
5880Rossiya, Ukraina va Turkiya harbiy delegatsiyalari ertaga, 13 iyul kuni Istanbulda BMT vakillari bilan uchrashib, Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi sababli bloklangan ukrain g‘allasini xavfsiz eksportga chiqarish masalasini muhokama qiladi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar ma’lum qildi, deb yozmoqda “Anadolu”.
O‘z navbatida, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Ukraina, Rossiya, Turkiya va BMTning Istanbulda bo‘lib o‘tadigan to‘rt tomonlama yig‘ilishida ukrainalik ekspertlar mamlakat portlaridan donni xavfsiz eksport qilish masalalarini himoya qilishini bildirdi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Oleg Nikolenkoning izohlarida aytiladi.
“Ukraina o‘z g‘allasini blokdan chiqarish masalasi BMT shafeligida hal qilinishini yoqlaydi”, degan Nikolenko.
TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, Istanbulda g‘alla eksporti bo‘yicha dengiz yo‘laklarining ishlash usullari muhokama qilinadi. Ukraina tomoni bu muhokamada xavfsizlik masalasiga jiddiy e’tibor qaratadi.
Shuningdek, u ertangi yig‘ilish aynan Ukraina, Rossiya, Turkiya va BMTning to‘rt tomonlama uchrashuvi ekanligiga aniqlik kiritgan.
Avvalroq “Ukraina dengiz portlari ma’muriyati” davlat korxonasi matbuot xizmati Zmeiniy orolining bosqinchilardan ozod qilinishi munosabati bilan Dunayning Qora dengizga quyilish joyi kemalar harakati uchun ochilganini ma’lum qilgandi.
Shu bilan birga, BMT Ukraina donining Qora dengiz-Dunay kanali orqali eksport qilinishi global ocharchilik tahdidini yengish uchun yetarli emasligini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, 8 iyun kuni Rossiya va Turkiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Mavlud Chavusho‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “don yo‘lagi” deb atalmish yo‘lak yaratish masalasini muhokama qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Kiyev o‘z portlarini minalardan tozalasa, Moskva Ukraina donini olib ketayotgan kemalarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatlashini hamda Berdyansk va Mariupol kabi Rossiya nazoratidagi portlar orqali tovarlar eksportini ta’minlay olishini aytgan edi.
21 iyun kuni Moskvada Turkiya va Rossiya harbiy delegatsiyalari o‘rtasida Ukraina donini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lak yaratish masalasi bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi ularni ijobiy va konstruktiv deb atab, maslahatlashuvlarni davom ettirishga qaror qilinganini qayd etdi.
Turkiya Prezidenti Toyib Erdo‘g‘an NATOning Madriddagi sammitidan so‘ng, Anqara Qora dengiz orqali olib o‘tiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta eksport qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Ukraina portlarida Turkiyaning 20 ga yaqin savdo kemalari bor, ular yukni tashishga tayyor.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi