Erdo‘g‘an Putinga Zelenskiy bilan Istanbulda gaplashib olishni taklif qildi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 1 aprel kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi

Qayd etilishicha, ikki davlat rahbarlari Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida yaqinda Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalarini muhokama qilgan.

Erdo‘g‘an Putinning e’tiborini “tinchlik bo‘yicha umidini oshirgan” Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralarining ijobiy jihatlari va konstruktivligiga qaratgan. Shuningdek, u tomonlar pozitsiyalarida aql-idrokni bo‘lishi va muloqotni davom ettirish muhimligini urg‘ulagan.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an turk tomoni Rossiya va Ukraina rahbarlari o‘rtasida uchrashuv tashkil etishga tayyorligini ma’lum qilgan. 

Rossiya rahbari, o‘z navbatida, Istanbulda Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining uchrashuvini tashkil etgani uchun Turkiya Prezidentiga minnatdorlik bildirgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Dolmabaxche saroyida Rossiya-Ukraina delegatsiyalarining navbatdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham ishtirok etdi. Shunisi ahamiyatliki, ushbu uchrashuv 7 mart kuni Brestda o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi ilk yuzma-yuz muloqotdir. 

Muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi rahbari sifatida ishtrok etgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy ko‘ra, Ukraina tomoni Moskvaning neytral bo‘lish, yadroviy mamlakatga aylanmaslik, boshqa mamlakatlarning harbiy bazalarini kiritmaslik va qo‘shilmaslik bo‘yicha talabini bajarish yuzasidan yozma hujjat taqdim etgan.

Uchrashuvdan keyin Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Rossiya va Ukraina muzokaralaridan qoniqmaganini bildirdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

26

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing