Erdo‘g‘an Istanbuldagi rus-ukrain muzokaralaridan keyingi missiyasini aytdi
Olam
−
29 mart 2022
8101Turkiya Rossiya Federatsiyasi va Ukraina delegatsiyalarining Istanbuldagi uchrashuvi muzokara jarayoniga foyda keltirishini kutmoqda va ikki davlat Prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv tashkil etishga tayyor. Bu haqda bugun, 29 mart kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘zining “Dolmabahche” saroyida delegatsiyalar ishtirokchilariga murojaatida aytib o‘tdi.
“Turkiyaga va bizning Istanbulga xush kelibsiz. Sizni shunday muhim pallada qabul qilishdan mamnunmiz, siz mamlakatlaringiz nomidan katta sa’y-harakatlar qildingiz. [Ukrainadagi] mojaro bizni sizning do‘stingiz va qo‘shningiz sifatida juda xafa qiladi. Inqiroz boshlanganidan beri biz barcha darajadagi samimiy sa’y-harakatlarni amalga oshirib, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va qonunlar talablarini bajarishga harakat qildik. Biz o‘z so‘zimiz bo‘lgan barcha platformalarda har ikki tomonning huquqlarini himoya qiluvchi va hurmat qiladigan adolatli yondashuvni namoyish etdik”, dedi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an Istanbuldagi uchrashuvda natija bo‘lsa, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar keyingi bosqichga chiqishi mumkinligiga umid bildirdi.
“Muzokaralarda erishadigan muvaffaqiyatingiz keyingi bosqichga - yetakchilar darajasidagi muloqotga o‘tishga ham imkon beradi. Biz ham shunday uchrashuv o‘tkazishga tayyormiz”, deb umid qilmoqda Turkiya Prezidenti.
Erdo‘g‘an o‘z mamlakatining Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokara jarayoniga hissa qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi.
“O‘z mintaqasida ko‘p azob-uqubatlarni ko‘rgan davlat sifatida Qora dengiz shimolida ham xuddi shunday vaziyat yuzaga kelmasligi uchun harakat qildik va kurashdik. Biz adolatli dunyoda mag‘lublar bo‘lmasligiga ishonamiz, tomonlar bu fojiani to‘xtatishi kerak. O‘t ochishni to‘xtatish rejimi tezroq o‘rnatilishidan hamma manfaatdor. Biz muzokaralardan aniq natijalar olishimiz kerak bo‘lgan davrga kirdik, deb hisoblaymiz. Dunyo sizdan yaxshi xabar kutmoqda”, dedi Turkiya rahbari.
Ma’lumot o‘rnida, Istanbuldagi Dolmabahche saroyida bo‘lib o‘tadigan Rossiya-Ukraina muzokaralari matbuotga yopiq holda ikki kun davom etadi. Bu Belarusda muzokaralar o‘tkazilgan 7 martdan beri tomonlarning birinchi yuzma-yuz uchrashuvidir. Shundan so‘ng delegatsiyalar doimiy ravishda videoaloqa orqali muloqot qilib kelgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi