“Eng yomoni hali oldinda”. Putinning suhbatini olgan Makron xavotirli bashorat qildi
Olam
−
04 mart 2022
23258Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron bilan telefon orqali suhbatlashdi va Ukraina rasmiylarining muzokaralarni kechiktirishga urinishlari Moskvaning yangi talablarini paydo qilishini ta’kidladi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bergan.
“Putin Kiyev vakillari bilan muzokaralar kontekstidagi fundamental yondashuvlar va shartlarni batafsil bayon qildi”, deyilgan xabarda.
Shu bilan birga, Putin Makronning Fransiya xalqiga murojaatida aytilgan ko‘plab fikrlarga qo‘shilmasligini ta’kidlagan.
“Bu, xususan, Emmanuel Makronning Rossiya Ukrainada natsizmga qarshi kurashayotgani haqidagi “yolg‘on” bayonotiga taalluqlidir. Shu munosabat bilan Kiyevning davlat siyosatida neonatsistlarning muhim roli haqida asosli tushuntirishlar berilgan”, deyilgan matbuot xizmati xabarida.
Rossiya rahbari gumanitar muammolarni hal qilishda xorijiy hamkorlar bilan ishlashga tayyorligini tasdiqlagan va Makronni xorijliklarni Ukrainadan xavfsiz evakuatsiya qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirgan.
“Xususan, Ukraina xavfsizlik kuchlari tomonidan garovga olingan Xarkovdagi hindistonlik talabalarning katta guruhi haqida gap bordi. Emmanuel Makron Kiyev rahbariyati bilan tegishli ishlarni olib borishga va’da berdi”, deya qo‘shimcha qilgan Kreml.
Putin rossiyalik harbiylar tinch aholi hayotini saqlab qolish uchun hamma narsani qilayotganini ta’kidlagan.
“Yuqori aniqlikdagi qurollar faqat harbiy infratuzilmani yo‘q qilish uchun qo‘llaniladi. Davom etayotgan raketa hujumlari va Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlarini bombardimon qilish haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, ular Rossiyaga qarshi dezinformatsiya kampaniyasi elementlari hisoblanadi”, degan Prezident.
Putin Rossiya “millatchilik tuzilmalari jangarilariga” qarshi murosasiz kurashni davom ettirishini qo‘shimcha qilgan.
“Maxsus harbiy operatsiya topshiriqlari har qanday holatda ham bajarilishi, muzokaralarni cho‘zish orqali vaqt yutishga urinish bizning muzokara pozitsiyamizda Kiyevga qo‘shimcha talablar qo‘yishga olib kelishi ta’kidlandi”, deyilgan Kreml xabarida.
Makron Putin bilan muzokaradan so‘ng Ukrainadagi vaziyat yanada yomonlashishi mumkinligini aytgan.
“Respublika Prezidenti eng yomoni hali oldindaligini aytmoqda, Putinning hech bir gapi ishontirmaganini hisobga olsak, u qat’iy edi”, deyilgan Fransiya manbasi xabarida.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi