ECOWAS delegatsiyasi isyonchilar rahbari bilan uchrashmasdan Nigerni tark etdi

Olam

image

G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) vakillari Nigerga kelganidan bir necha soat o‘tib, isyonchilar rahbari general Abdurahmon (Umar) Chiani bilan uchrashmay mamlakatdan chiqib ketdi. Bu haqda manbasiga tayanib, “Agence France-Presse” nashri xabar berdi.

Aytilishicha, kecha, 3 avgust kuni kechqurun Nigerga kelgan ECOWAS delegatsiyasi general Chiani bilan ham, Prezident Muhammad Bazum bilan ham uchrashmasdan mamlakatni tark etgan.

Nigeriyaning sobiq prezidenti general Abdusalami Abubakar boshchiligidagi ECOWAS vositachilari delegatsiyasi isyonchilar yetakchilari bilan uchrashib, ularga jamiyat rahbarlarining talablarini yetkazishi kerak edi. Delegatsiya tarkibida Abubakar bilan birga ECOWAS komissiyasi raisi Umar Aliu Turay va nufuzli diniy yetakchi, Sokoto sultoni Muhammad Abubakar III ham bor edi.

Ma’lumot uchun, 30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan favqulodda sammitda ECOWAS yetakchilari isyonchilardan Prezident Bazumni zudlik bilan ozod qilish va lavozimiga qaytarish hamda mamlakatda konstitutsiyaviy tartibni tiklashni talab qilgan. ECOWAS davlatlari Niger harbiylariga ushbu talablarini bajarish uchun bir hafta vaqt bergan. ECOWAS isyonchilarga qarshi Nigerda konstitutsiyaviy tuzumni tiklash uchun barcha zarur choralarni ko‘rish bilan tahdid qildi va kuch qo‘llash”ni istisno qilmadi.

2 avgust kuni milliy televideniyeda nutq so‘zlab, davlat to‘ntarishidan so‘ng markaziy hukumat organi bo‘lgan Vatanni qutqarish milliy kengashi rahbari general Chiani mintaqaviy va xalqaro bosimlarga bosh egmasligini aytdi. U Niger xalqini tashqi tahdidlar oldida vatanini himoya qilishga tayyor turishga chaqirdi.

Niger siyosatchilarining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Bazumning sog‘lig‘i yaxshi, u boshqa mamlakatlar rahbarlari va hukumatlari vakillari bilan telefon orqali muloqot qiladi. Ammo unga qarorgohni tark etish taqiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, 26 iyul kuni Nigerda harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgan, mamlakat Prezidenti Muhammad Bazum isyonchilar tomonidan qo‘lga olingandi. Dastlab Prezident tarafda ekani aytilgan Niger qurolli kuchlari mamlakatda isyon ko‘targan prezident gvardiyasi vakillari bilan uchrashuvidan so‘ng Prezident Muhammad Bazumning hokimiyatdan chetlatilishiga to‘sqinlik qilmoqchi emasligini ma’lum qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay general Umar Chiani o‘zini mamlakatning yangi rahbari – “Vatan mudofaasi bo‘yicha milliy kengash prezidenti” deb e’lon qildi. Nigerda minglab namoyishchilar Fransiya elchixonasiga hujum qildi. Bunga javoban Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parij o‘z fuqarolari va xorijdagi muassasalarga qarshi hujumlarga toqat qilmasligini aytib, agar bunday hodisalar yuzaga kelsa, keskin javob berishga va’da berdi. AQSH va Buyuk Britaniya ham Nigerdagi elchixona xodimlarining bir qismini evakuatsiya qildi. Nigerning hokimiyatdan chetlatilgan Prezidenti Muhammad Bazum esa AQSH va jahon hamjamiyatiga mamlakatda konstitutsiyaviy tuzumni tiklashga yordam berish iltimosi bilan murojaat qildi.


Maqola muallifi

Teglar

davlat to'ntarishi Niger Muhammad Bazum ECOWAS general Chiani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing