Dunyo osmoni xavfli. O‘zbekistonlik uchuvchi Aqtaudagi holat bo‘yicha munosabat bildirdi
Tahlil
−
29 dekabr 2024
40251Joriy yilning 25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchragandi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 nafar shaxs halok bo‘lgan, 29 nafari esa omon qolgan. Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Ammo keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi.
Kecha, 28 dekabr kuni esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti bilan bog‘liq fojiali voqea Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘radi. Bunga sabab sifatida esa u o‘sha vaqtda Grozniy, Mozdok va Vladikavkaz Ukraina jangovar uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan hujumga uchradi va Rossiya havo mudofaa tizimlari bu hujumlarni qaytarayotganini keltirgan.
Xo‘sh, Putin keltirgan sabab qay darajada ishonchli? Mazkur voqeadan so‘ng ko‘plab mamlakatlardan farqli ravishda O‘zbekiston ham Rossiyaga parvozlarni nima uchun to‘xtatmami? Umuman olganda, bugun dunyo osmoni qay darajada xavfsiz?
Mazkur savollarning barchasiga QALAMPIR.UZ o‘zbekistonlik uchuvchi, Air Samarkand aviakompaniyasi yerusti xizmatlari boshlig‘i Alisher Suyunovdan javob oldi. Uning aytishicha, favqulodda vaziyatlarda samolyotni qo‘ndirishning ma’lum qoida va tartiblari bor.
“Samolyot havoda favqulodda vaziyatga duch kelganda, har bir uchuvchi xalqaro aviatsiya tartib-qoidalariga asoslangan qat’iy protokollarga amal qiladi. Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi Tashkiloti (ICAO)ning qoidalariga muvofiq, eng asosiy maqsad – yo‘lovchilar, ekipaj va samolyot xavfsizligini ta’minlashdir. Favqulodda holatda uchuvchi quyidagilarni amalga oshiradi:
- Vaziyatni baholab, eng yaqin xavfsiz aeroportni aniqlaydi.
- Havo harakati dispetcherlik xizmati (ATC) bilan bog‘lanib, ruxsat so‘raydi.
- Yo‘lovchilarni xavfsiz qo‘nishga tayyorlaydi va barcha xavfsizlik choralarini ko‘radi”, dedi Suyunov.
Shu sababli o‘zbek aviatori Rossiyaning Ozarbayjon samolyotini qo‘ndirmaslik qarorini ma’qullamadi. Uning dalillashicha, har qanday holatda ham Federatsiya xalqaro normalarga amal qilishi kerak edi.
“Rossiya Ozarbayjon samolyotini o‘z hududida qo‘nishga ruxsat bermadi. Rossiya tomoni bu holatni Grozniy, Mozdok va Vladikavkaz hududlarining Ukraina dronlari hujumiga uchraganligi bilan izohladi. Bu qaror xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z o‘zini oqlashi mumkin, ammo xalqaro aviatsiya qoidalariga ko‘ra, favqulodda vaziyatlarda har qanday samolyotga yordam ko‘rsatish talab etiladi. Bu holatda xavfsizlik va diplomatik majburiyatlar o‘rtasidagi ziddiyat yaqqol namoyon bo‘ldi. Aviatsiya xavfsizligi faqat texnologik vositalar bilan emas, balki davlatlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik va ishonch bilan ta’minlanadi. Shuningdek, bortning gidravlika tizimi ishdan chiqqan bo‘lishi ham mumkin. Chunki qo‘nish asnosidagi belgilar shuni ko‘rsatadi”, dedi uzoq yillik uchuvchi.
Rossiyaning Ozarbayjon samolyotiga qilgan munosabati ko‘plab dunyo aviareyslarini ayni shu xavfsizlik sabab ikkilantirib qo‘ydi. Oqibatda Qozog‘iston, Turkmaniston, Isroil, Dubay, Ozarbayjonning o‘z aviareyslari Rossiyaga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Shuningdek, o‘zbekistonlik deputat, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ham Rossiya havo hududi xavfsiz yo yo‘qligini tekshirish borasida tegishli tashkilotlarga so‘rov yuborgan. Ammo uning bu so‘roviga o‘sha tegishliligi aytilayotgan tashkilotlar hozircha munosabat bildirgani yo‘q.
Uzbekistan Airways esa Rossiyaning barcha shaharlariga, hatto Ozarbayjon samolyoti halokatga uchragan Maxachqal’a va Grozniyga ham reyslar amalga oshirilmoqda. Nima uchun O‘zbekiston osmoni xavfli bo‘lgan Rossiyaga aviaqatnovlarni to‘xtatmayapti? Air Samarkand aviakompaniyasi yer usti xizmatlari boshlig‘i Alisher Suyunov buni iqtisodiy aloqalar, geopolitik neytrallik va xavfsizlikka ishonch bilan izohladi.
“Aqtauda sodir bo‘lgan voqealardan so‘ng ko‘plab davlatlar Rossiya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi. Ammo O‘zbekiston bu chorani amalga oshirmadi. Bu qaror quyidagilar bilan izohlanadi:
• Iqtisodiy sabablar: Rossiya bilan havo yo‘llarini saqlab qolish mehnat migratsiyasi va iqtisodiy aloqalar uchun muhim. Chunki millionlab O‘zbekiston vatandoshlari u yerda faoliyat yuritmoqda. Va birgina hodisa tufayli to‘xtatib qo‘yish o‘rinsiz deb bilaman.
• Geopolitik neytrallik: Rossiya bilan aviaqatnovlarni davom ettirish siyosiy muvozanatni saqlash vositasi sifatida qaralishi mumkin.
• Xavfsizlikka ishonch: O‘zbekiston hududida xavfsizlik masalalari nazorat ostida saqlanmoqda”, deya javob berdi Suyunov.
Ammo uchuvchi, shu bilan birga, xavfsizlik choralari kuchaytirilishi lozimligini uqtirmoqda. Xususan, quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak:
• Rossiyaga uchuvchi reyslar uchun xavfsizlik tahlillari muntazam o‘tkazilishi.
• Favqulodda vaziyatlar uchun ehtiyot choralari va rejalarni mustahkamlash ham kerak.
Ozarbayjon samolyoti bilan sodir bo‘lgan mazkur holat samolyotlar halokatining yagonasi emas. Bugun, 29 dekabr kuni tongda Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi. Samolyot mamlakat janubi- g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yongan. Bundan tashqari, Kanadada ham samolyot muvaffaqiyatsiz qo‘nishdan so‘ng yonib ketdi.
Aslida ham bunday halokatlar va muvaffaqiyatsiz qo‘nishlar aviatsiya tizimida odatiy holmi, yoki bularning bari bugun dunyo osmonida xavf ko‘payayotganidan dalolatmi?
“Aviatsiyada bunday hodisalar kamdan-kam uchraydi, ammo ular jiddiy xavfsizlik savollarini tug‘diradi:
• Pandemiyadan keyin havo harakatining keskin oshishi aviatsiya tizimiga qo‘shimcha bosimni keltirib chiqardi.
• Texnik xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklar va samolyotlarning eskirishi xavflarni oshirmoqda.
• Geosiyosiy mojarolar havo yo‘llarining xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, degan sabablarni keltirdi Alisher Suyunov.
Biroq, uning aytishicha, umumiy raqamlar aviatsiya hali ham dunyodagi eng xavfsiz transport vositasi bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. O‘zbek uchuvchisining asoslariga ko‘ra, aviatsiyada yuqori darajadagi texnologiyalar, doimiy nazorat va qo‘shimcha xavfsizlik standartlari sababli falokatlar ehtimoli sezilarli darajada past. Qurbonlar darajasi yo‘lovchilarga taqqoslaganda 0.00002 foizdir. Bu temiryo‘l, suvda harakatlanuvchi kemalar, avtomobillar ishtirokidagi qurbonlardan ancha kamdir.
Shunday bo‘lsa-da, u dunyo osmonining hozirgi holati haqida xavotir bildirmoqda.
“So‘nggi hodisalardan kelib chiqib, geosiyosiy mojaro, texnologik qaramlik va iqlim o‘zgarishi kabi omillar xavfsizlikni tahdid ostiga qo‘ymoqda:
• Ukraina-Rossiya mojarosi kabi geosiyosiy holatlar havo yo‘llari xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
• Texnologik muammolar, jumladan avtomatlashtirilgan tizimlardagi nosozliklar, xatoliklarni oshirishi mumkin.
• Iqlim o‘zgarishi tufayli ekstremal ob-havo sharoitlari aviatsiya uchun qo‘shimcha xavf yaratmoqda”, dedi u.
Bunda tajribali o‘zbek aviatori xalqaro aviatsiya tashkilotlari xavfsizlikni ta’minlash uchun texnologiyalarni takomillashtirish, kuzatuv tizimlarini rivojlantirish va xavf-xatarlarni oldindan aniqlashga katta e’tibor qaratayotgani, buning natijasida dunyo bo‘yicha 1 soatda 100 mingdan ko‘p harbiy yoki tijoriy o‘chishlar amalga oshirilayotganini eslatdi. Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya Ozarbayjondan kechirim so‘rashdan tashqari, o‘z aybiga iqror bo‘lishi, aybdorlarni jazolash, jinoiy javobgarlikka tortish va Ozarbayjon davlatiga, jarohatlangan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga tovon to‘lash kerakligi haqida ochiqchasiga bayonot bergan edi.
LiveBarchasi