Rossiya va AQSH mulozimlari endi Istanbulda yig‘iladi
Olam
−
08 aprel
1875Rossiya va Qo‘shma Shtatlar vakillari o‘rtasida Ukraina atrofidagi vaziyatni tartibga solish masalasida navbatdagi muzokaralar raundi joriy yilning 10 aprel kuni Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 8 aprel kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Istanbulda AQSH bilan bo‘ladigan bo‘lajak uchrashuvda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi liniyasi bo‘yicha ishtirok etadi.
“Bu bizning tomondan – Tashqi ishlar vazirligi liniyasi bo‘yicha bo‘ladi. Shunga muvofiq, ulardan, ya’ni Tashqi ishlar vazirligidagi hamkasblarimizdan ma’lumot kutinglar”, dedi Kremlning rasmiy vakili.
U, shuningdek, Jo Bayden administratsiyasi Rossiya va AQSH munosabatlariga “eng dahshatli zarar” yetkazganini, o‘zaro ishonch esa “faqat ikki mamlakat yetakchilarida iroda bo‘lsa, tiklanishi mumkinligini” ta’kidlagan. Shuningdek, u Moskva va Vashington munosabatlarni normallashtirish uchun jiddiy harakat qilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Qayd etish joiz, 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda Rossiyadan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyevdan iborat Rossiya delegatsiyasi AQSH vakillari bilan muzokara o‘tkazgandi. Uchrashuvda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etdi. Dmitriyev Saudiya Arabistonida ikki tomonlama muzokaralar boshlanishidan oldin Amerika neft kompaniyalari Rossiyaga qaytishi mumkinligi, Kreml ham AQSH bilan Arktikadagi qo‘shma loyihalardan manfaatdor ekanini aytgandi. Keyinchalik Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kirill Dmitriyevni xalqaro iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakil etib tayinladi.
27 fevral kuni Istanbuldagi AQSH Bosh konsulligida Rossiya va AQSH vakillari o‘rtasida 6 soatdan ortiq vaqt davomida yopiq formatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Amerika delegatsiyasiga AQSH Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Sonata Koulter, Rossiya delegatsiyasiga esa Tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Atlantika departamenti direktori Aleksandr Darchiyev boshchilik qildi. Ikki davlat vakillari o‘z elchixonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi. Keyinchalik 6 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina va Yevropa davlatlarini hayratda qoldirgan yaqinlashuvga rahbarlik qilish uchun G‘arbni ommaviy qoralashi bilan tanilgan faxriy diplomat Aleksandr Darchiyevni AQSHga elchi etib tayinladi.
Eslatib o‘tamiz, 3 aprel kuni AQSHga Rossiya Prezidenti maxsus vakili Kirill Dmitriyev tashrif buyurgan edi. Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar yakunida u Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaralarda Ukraina bo‘yicha “muvofiqlashtirilgan yutuqlar”ga erishilganini bildirgan. Kirill Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar masalalarni hal etish tarafdori bo‘lib, davlatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash masalasini ham muhokama qilgan.