Kurs UZS

USD

12 980.89

11.33

EUR

14 722.93

-45.51

RUB

158.67

1.58

Rus matbuoti Jalolovni tanqid qildi

Sport

image

Rossiyaning “Championat” nashri o‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolovning oxirgi jangini tahlil qilib, u haqida tanqidiy maqola e’lon qildi.

QALAMPIR.UZ quyida ushbu maqolani o‘zbek tilida o‘z kuzatuvchilariga havola etadi.

5 aprel oqshomida Qozog‘istonda professional boks bo‘yicha kechasi bo‘lib o‘tdi va musobaqada o‘zbekistonlik superog‘ir vazn toifasidagi Bahodir Jalolov navbatdagi jangini o‘tkazdi. “Katta o‘zbek” uzoq vaqtdan beri havaskor boksdagi faoliyatini professional ring bilan birlashtirib, bu ishni juda muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgandi. Bahodir havaskor boksda ikki karra jahon chempioni bo‘lib, o‘tgan yili Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng, Jalolov havaskor boksdagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi va bor e’tiborini professional ringga qaratishga qaror qildi. Jalolov profringda 14 ta g‘alabani qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. O‘zbekistonlik bokschi ana shunday ko‘rsatkich bilan navbatdagi jangini o‘tkazdi va unga profringda 12-2 rekordga ega ukrainalik Igor Shevadzutskiy raqiblik qildi. Bungacha Shevadzutskiy Martin Bakole va Kubrat Pulev bilan jang qilib, imkoniyatni boy bergan.

Shevadzutskiy bilan jangda Jalolov jiddiy favorit hisoblanar edi, boz ustiga Shevadzutskiyning bu jangga shoshilinch tarzda, hech qanday tayyorgarliksiz kelgani ma’lum bo‘ldi. Igor taroziga ham chiqa olmadi, ya’ni u jangdan bir kun oldin Qozog‘istonga kelishga ulgurmadi. Bu faktorlar fonida Bahodir raqibini shunchaki, ko‘rdim demay mag‘lub etishi kutilgandi.

Jangdan oldingi matbuot anjumanida 30 yoshli Jalolov yana o‘z divizionining eng kuchli bokschilari bilan jang qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

“Uzoq tanaffusdan so‘ng, men professional boksda jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritishga tayyorman. Men kamarni imkon qadar tezroq qo‘lga kiritishni xohlayman. Men og‘ir vazn toifasida eng yaxshi jangchilar bilan jang qilishga, jumladan, Usik va Joshua kabi bokschilar bilan jang qilmoqchiman”, deydi Jalolov.

Darhaqiqat, Jalolov-Shevadzutskiy jangi o‘ta shiddatli ruhda kechdi, kutilganidek, Jalolov bahsni yuqori tempda boshladi, o‘zbekistonlik bokschi 3-raundda raqibini nokdaun holatiga tushirdi, lekin sekin-asta jang tempi stabillashdi, sekinlash, klinchga o‘tishlar boshlandi va to‘qnashuv to‘liq 10-raund davom etdi. “Katta o‘zbek”ning tempni tushirishi tabiiyki, muxlislarning hushtakbozliklariga sabab bo‘ldi va hatto ayrim mutaxassislar uning profboksdagi istiqboliga shubha bilan qaray boshladi.

Jalolov hozir 15-0 rekordga ega, u professional faoliyatida birinchi marta raqibini nokautga uchrata olmadi va Shevadzutskiy unchalik jiddiy raqib emas edi. Bahodir o‘ta og‘ir vaznli bo‘lib, oyoq mashqlari va aniq texnikadan foydalangan holda raqiblarini muddatidan avval taslim etardi, ya’ni u shunchaki havaskor uslubini professional ringga o‘tkazgan, biroq Jalolovning bu uslubi u uchun yaxshilik bilan tugamasligi mumkin. Jalolov hozirgi uslubda juda ko‘p energiya sarflaydi. Havaskor boksda Bahodir Jalolovning funksional holati beshta raund uchun yetarli bo‘lsa, 10-12 raundlik professional boksda u tez charchab qoladi. Uning ikki karra Olimpiada chempioni ekanligi professional boksda hech narsani anglatmaydi.

Bundan tashqari, Jalolov ancha monoton harakat qiladi. Shevadzutskiy bilan “o‘ng jab - chap to‘g‘ri” kombinatsiyasi foyda berdi. Raqib o‘ng qo‘li bilan jag‘ini yopganda ham Bahodir Jalolov uslubini o‘zgartirmadi, Jalolov bitta kombinatsiya asosida jang o‘tkazdi.

Profboksda uslublar jang qiladi, lekin Jalolov hozirda ringda ko‘rsatayotgan narsadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, unga, top-jangchilar ringda to‘qnashish og‘irlik qiladi. Jalolov chempionlik jangida qatnashish istagida bo‘lishiga qaramay, u hozirgi holati bilan kamarlardan juda uzoqda. Jalolov Aleksandr Usikdan o‘rnak olishi, uslubini o‘zgartirishi va asta-sekin raqiblarini kuchaytirishi kerak. Agar “Katta o‘zbek” Fabio Vardli yoki Martin Bakole kabi bokschilar bilan to‘qnashib qolsa, jang ssenariysi o‘zbekistonlik bokschi uchun salbiy yakunlanishi mumkin.

Jalolovning oldida juda ko‘p qilinishi kerak bo‘lgan ishlar turibdi va u yaqin vaqt ichida chempionlik janglarini umid qilmasa ham bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston boks Bahodir Jalolov Shevadzutskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing