Donetskni “ozod qilish”ga tashlaydigan hech kim yo‘q – Arestovich ruslarning imkoniyati haqida

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiyada Ukrainaning Donetsk viloyatini to‘liq egallash uchun yetarli shaxsiy tarkib mavjud emas. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Aleksey Arestovich advokat va huquqshunos Mark Feyginga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, Izyum yo‘nalishida rus qo‘shinlari ko‘plab yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda. Xususan, Izyum yaqinida ukrainalik harbiylar Rossiya bo‘linmalaridan birining dala qo‘mondonlik punktiga zarba bergan va hozir u yo‘q.

“Rossiya qo‘shinlari uchun u yerga borish qiyin, yo‘qotishlar, yo‘qotishlar, yo‘qotishlar. U yerda juda og‘riqli. Jismonan Donetsk viloyatini “ozod qilish”ga tashlaydigan hech kim yo‘q... Lugansk – men buni hali ham tushunaman, lekin Donetsk viloyatini egallash uchun Lisichansk va Severodonetsk kabi to‘rtta shaharni olish kerak”, deydi u.

Bundan oldin Aleksey Arestovich rus bosqinchilarining Lugansk viloyatidagi muvaffaqiyati taktikdan operativgacha rivojlanish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanini aytgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

52

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing