Dahshatli raqam: Ukrainani tashlab qochganlar 2,5 millionga yaqinlashdi

Olam

image

Oxirgi 15 kun ichida ikki milliondan ortiq ukrainalik Rossiyaning davom etayotgan hujumlaridan qutulish uchun Yevropa davlatlariga qochib ketdi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin 2 million 316 ming kishi allaqachon Vengriya, Polsha, Slovakiya va Ruminiyaga ketgan. 

Yevrokomissiya inqiroz boshlanganidan bir hafta o‘tib, mamlakatlarni ukrainaliklarni vaqtinchalik himoya qilishni taklif qildi. 

Ayni damda eng ko‘p ukrainalik qochqinlar Ukraina bilan 500 kilometrlik chegaraga ega Polshada. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi boshqarmasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan 9 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga 2 million 316 ming qochqin, jumladan, 214 ming 160 kishi Vengriyaga, 84 ming 671 kishi Ruminiyaga, 165 ming 199 kishi Slovakiyaga, 1 million 412 ming 503 kishi Polshaga ko‘chib o‘tgan. 

Biroq, Polsha barcha qochqinlarni ro‘yxatga ololmaydi. Shu kungacha Polshada atigi 200 ming qochqin ro‘yxatga olingan. 

Polsha hukumati qochqinlarga qariyb 60 yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda, ularning ehtiyojlari uchun jami 1,5 million yevro ajratilgan. Keyin qochqinlar Polsha orqali Yevropaning boshqa davlatlariga bepul transportda o‘tadi. 

Yevrokomissiya matbuot kotibi Siara Bottomlining “Anadolu” axborot agentligiga aytishicha, vizasiz rejim tufayli ukrainaliklar Yevropa Ittifoqiga bemalol sayohat qilishlari mumkin. 

“Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlar qochqinlar oqimidan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan va qabul qilish imkoniyati deyarli tugab qolgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqchi edi. Komissiya mamlakatlarning qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan ehtiyojlari va sa’y-harakatlarini, shu jumladan, ularning Yevropa Ittifoqidagi harakatini muvofiqlashtirish uchun Birdamlik platformasini yaratdi”, deydi u. 

Ushbu platforma orqali o‘z faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Yevropa Ittifoqi davlatlari qochqinlarni oilaviy aloqalar va til bilish kabi jihatlarni hisobga olgan holda qabul qiladi. 

Ukraina fuqarolari viza rejimining bekor qilinishi munosabati bilan YeIda 90 kun qolishlari mumkin, bu muddat vaqtinchalik himoya ta’minlanishi tufayli 1 yilga uzaytirildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

8

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing