Chechenistonning elita bo‘linmasi Ukrainaga qaytdi – Qodirov (video)

Olam

image

Checheniston Respublikasining elita bo‘linmalari taqdim etilgan dam olishdan so‘ng deputat Adam Delimxanov boshchiligida Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya” zonasiga qaytdi. Bu haqda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“Hurmatli birodarim, Rossiya “Qahramoni”, Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi deputati Adam Delimxanov Checheniston Respublikasi bo‘linmalariga boshchilik qilib, Ukraina va DXR hududida maxsus harbiy operatsiya topshiriqlarini bajarishga kirishdi”, deb yozgan u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Mariupol, Severodonetsk, Lisichansk, Popasna va boshqa shaharlar “ozod etilganidan” keyin elita jangchilari ta’tilga chiqqan, hozir esa ular oldingi chiziqqa qaytgan.

“O‘tmishda men sizga yaxshi xabar kuting, deb aytgandim va mening so‘zlarimdan keyin siz ularni doim olgansiz. Hozir ham sabr qiling va jangchilarimizdan oldingi chiziqdan ajoyib natijalarni kuting. Ular, albatta, bo‘ladi!”, deya xulosa qilgan Qodirov.

Avvalroq Ramzan Qodirov Ukrainaning Xarkov viloyati shaharlari ustidan nazorat Rossiya qo‘shinlari tomonidan qaytarilishiga ishonch bildirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 10 sentyabr kuni kechga borib Prezident Zelenskiy oy boshidan beri Ukraina Qurolli Kuchlari mamlakatning Rossiya bosqini ostida qolayotgan 2000 kilometrga yaqin qismini ozod qilganini aytgandi. Keyinroq Xarkov viloyatidagi Vasilenkovo va Artemovka aholi punktlari rus bosqinchilaridan tozalangani aytildi

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

65

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing