BMT Rossiya-Ukraina urushi necha million jonni ochlikka mahkum etishini ochiqladi
Olam
−
20 aprel 2022
7527Rossiya-Ukraina urushi fonida oziq-ovqat inqirozi sababli 47 millionga yaqin odam og‘ir ochlikka duch kelishi mumkin. Bu haqda Jahon oziq-ovqat dasturi (JOD) hisobotida aytiladi.
“G‘alla va energiya bozorlarida kutilayotgan jahon narxlarining oshishi urush boshlanishidan oldin oziq-ovqatga bo‘lgan minimal talablarni qondira olmaganlarni qiyin ahvolga solib qo‘yadi”, deyiladi hisobotda.
81 mamlakatda olib borilgan tadqiqot natijalariga asoslanib, JOD oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ikkita ssenariy bilan o‘rtoqlashgan.
Jahon oziq-ovqat dasturi birinchi ssenariy bo‘yicha Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush tufayli dunyo bo‘ylab 33 milliongacha, ikkinchi ssenariy bo‘yicha esa 47 milliongacha odam qattiq ocharchilikka duchor bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Qayd etilishicha, butun dunyoda 323 milliongacha odam ochlik muammosiga duch kelishi mumkin, jumladan, Rossiya-Ukraina urushi boshlanishidan oldin bu vaziyat bilan kurashganlar ham.
Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Ukrainadagi mojaro rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan “sekin hujum” bo‘lib, u 1,7 milliard odamni qashshoqlikka solib qo‘yishi mumkinligini aytgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi