BMT missiyasi Nigerdagi isyonchilar bilan uchrashdi
Olam
−
19 avgust 2023
4544Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining maxsus vakili Leonardo Santosh Shimao boshchiligidagi BMT missiyasi kecha, 18 avgust kuni Niger poytaxti Niameyga yetib bordi va u yerda isyonchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda RFI radiostansiyasi xabar berdi.
Aytilishicha, delegatsiya a’zolari isyonchilar tomonidan tayinlangan bosh vazir, mudofaa vaziri va ichki ishlar vazirligi rahbari bilan uchrashgan.
Manbaga ko‘ra, Afrika Ittifoqi va G‘arbiy Afrika Iqtisodiy Jamiyati (ECOWAS) vakillari BMT delegatsiyasi tarkibiga kiritilmagan.
Uzoq davom etgan uchrashuvda qo‘zg‘olonchilar o‘zlariga qarshi qo‘llanilgan “noqonuniy va g‘ayriinsoniy” iqtisodiy sanksiyalarni qoralagan. Shuningdek, ular Niger Prezidenti Muhammad Bazumning ahvoli yaxshi ekani, uni kuzatib turishgani va unga kerak bo‘lgan hamma narsa bilan ta’minlanganini ta’kidlagan.
BMT missiyasi Niameyda faoliyatini davom ettirmoqda, bugun, 19 avgust kuni ham boshqa uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 iyul kuni Niger prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari (keyinchalik ularga mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham qo‘shildi) Prezident Muhammad Bazumni qo‘lga olgandi. Prezident gvardiyasi boshlig‘i Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari, deb e’lon qildi. Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan. Bazum esa AQSH va jahon hamjamiyatiga mamlakatda konstitutsiyaviy tuzumni tiklashga yordam berish iltimosi bilan murojaat qildi.
Joriy yilning 30 iyul kuni G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) a’zolari Abujadagi sammitda Nigerdagi davlat to‘ntarishini qoraladi va isyonchilarga konstitutsiyaviy boshqaruvni tiklash uchun bir hafta muhlat berdi. Agar talab bajarilmasa, kuch ishlatish bilan tahdid qildi. Keyinchalik Nigerning Parijdagi elchisi ECOWAS’ga a’zo davlatlar Nigerda harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi. Bugun, 19 avgust kuni esa ECOWAS Nigerdagi vaziyatga harbiy aralashuvi boshlanishining aniq sanasini belgiladi.
LiveBarchasi