BMT Xavfsizlik Kengashi Ukrainadagi urush bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi 

Olam

image

BMT Xavfsizlik Kengashi ertaga, 12 may kuni Ukrainadagi gumanitar vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda TASS tashkilotdagi manbaga tayanib ma’lum qilgan.  

“Uchrashuv 12 may kuni, kunning birinchi yarmida bo‘lib o‘tadi”, degan manba. 

Agentlikning yana bir manbasi ham 12 may kuni Xavfsizlik Kengashi maslahatlashuvlari o‘tkazilishini tasdiqlagan. 

CNN’ga ko‘ra, Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi Fransiya va Meksika iltimosiga ko‘ra chaqirilgan. Ta’kidlanishicha, u ochiq formatda o‘tkaziladi, qandaydir masala bo‘yicha ovoz berish kutilmaydi. 

“Uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi vakillari so‘zga chiqadi”, deyilgan xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi joriy yilning 6 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqini boshlangandan beri birinchi marta raisning Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha bayonotini qabul qilgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi veto huquqiga ega 5 doimiy a’zodan iborat: AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya va Xitoy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

11

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing