Blinken fon der Lyayen bilan Rossiyaga qarshi choralarni muhokama qildi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bugun, 10 sentyabr kuni telefon orqali Rossiya Federatsiyasiga qarshi choralar, Kiyevni qo‘llab-quvvatlash va Yevropa Ittifoqining energiya xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti Matbuot xizmati rahbari Ned Prays yozma bayonotida aytiladi. 

Hujjatga ko‘ra, Blinken fon der Lyayen bilan “Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishni muhokama qilish, Qo‘shma Shtatlarning Yevropaning energiya xavfsizligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlash va Rossiyaning maxsus harbiy amaliyoti bilan bog‘liq holda Rossiyani javobgarlikka tortish uchun muvofiqlashtirishni davom ettirish” uchun gaplashgan. 

Shuningdek, AQSH Davlat kotibi va Yevrokomissiya rahbari “kelajakda Bosniya va Gersegovinada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning ahamiyati” haqida ham suhbatlashgan.  

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ursula fon der Lyayen Entoni Blinken

Baholaganlar

9

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing