YeI bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
Olam
−
12 may 1219 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi hududida voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi yagona qonun loyihasi shu yilning yozida taqdim etilishi mumkin. Bu haqda Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Kopengagenda bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt va bolalar masalalariga bag‘ishlangan sammitdagi nutqida ma’lum qildi.
Bu qaror ittifoqqa a’zo davlatlarning bolalarni onlayn platformalarning zararli ta’siridan himoya qilishni kuchaytirish fonida qabul qilinmoqda. Sammitda so‘zga chiqqan fon der Lyayen texnologiyalarning bolalik va o‘smirlik davriga shiddat bilan kirib borayotganiga e’tibor qaratgan.
Ayni paytda Yevropa Komissiyasi huzurida mustaqil ekspertlar guruhi tuzilgan bo‘lib, ular ijtimoiy tarmoqlarning voyaga yetmaganlar salomatligiga ta’sirini o‘rganmoqda. Fon der Lyayenning ta’kidlashicha, agar ekspertlar xulosasi tasdiqlansa, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish yoshini kechiktirish bo‘yicha huquqiy taklif shu yozdayoq e’lon qilinadi. Bu qadam orqali Yevroittifoqqa a’zo mamlakatlarda turlicha qonunlar paydo bo‘lishining oldini olib, butun blok uchun yagona yondashuvni ta’minlashi maqsad qilinadi.
Rejalashtirilayotgan cheklovlar Fransiyada sentyabr oyidan kuchga kirishi kutilayotgan qonunga mos keladi. Mazkur qonunga ko‘ra, Instagram va TikTok kabi platformalar 15 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarni bloklashi va mavjud akkauntlarni to‘xtatib qo‘yishi shart bo‘ladi.
Biroq foydalanuvchilarning yoshini texnik jihatdan tekshirish masalasi loyihani amalga oshirishdagi eng katta muammo ekani aytilmoqda. YeI bu borada pandemiya davridagi COVID-19 sertifikatlari tizimiga o‘xshash maxsus ilovani joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Biroq kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar tizimdagi shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi borasida xavotirlar bildirgan.
“Barchamiz bilamizki, barqaror o‘zgarishlar bir kechada sodir bo‘lmaydi, ammo agar biz sustkashlik qilsak va ikkilansak, buning badalini yana bir avlod bolalari o‘z sog‘lig‘i bilan to‘lashiga to‘g‘ri keladi”, deya ta’kidlagan Yevropa Komissiyasi rahbari.
Ma’lumot uchun, hozirda Avstraliya va Indoneziya kabi davlatlar allaqachon bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga cheklovlar o‘rnatgan bo‘lsa, Yevropada ham Instagram va Snapchat kabi gigantlar ustidan tekshiruvlar davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropaning bir qancha mamlakatlari, jumladan, Ispaniya, Daniya, Italiya, Finlyandiya hukumatlari ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish yosh cheklovini 15-16 yosh qilish uchun turli harakatlarni amalga oshirishayotgani haqida xabar berilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi