Dunyoda har besh daqiqada bir bola zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda – JSST

Bu qiziq

−

image

Dunyo bo‘ylab har yili qariyb 1 milliard bola jismoniy, jinsiy yoki ruhiy zo‘ravonlikka duch keladi. Har besh daqiqada esa bir bola zo‘ravonlik oqibatida halok bo‘ladi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqaviy byurosi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga uzoq muddatli zarar yetkazishi mumkin. JSST bunday o‘limlar va zo‘ravonlikning boshqa oqibatlarini oldini olish mumkinligini ta’kidlagan.

Shuningdek, tashkilot Pokistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berishga qaratilgan 2026–2031 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilganiga e’tibor qaratgan. Hujjat mamlakatda yashovchi 120 million bolani himoya qilish va zo‘ravonlikning oldini olish choralarini kuchaytirishni nazarda tutadi.

JSST va Pokiston Inson huquqlari vazirligi mazkur strategiyani joriy yilning 14 oktyabr kuni taqdim etgan. Strategiyaga ko‘ra, Pokistonda bolalarning qariyb 80 foizi tarbiya jarayonida zo‘ravonlik usullariga duch keladi. Shuningdek, internetdan foydalanuvchi 12–17 yoshli o‘smirlarning har 16 nafardan biri raqamli texnologiyalar orqali ekspluatatsiya yoki shafqatsiz munosabatga uchraydi.

Bundan tashqari, mamlakatda 8,6 million bola mehnatga jalb qilingan. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 57 foizdan ortig‘i esa fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. JSST bunday holat ularning zo‘ravonlikdan himoyalanish imkoniyatlarini cheklashi va asosiy xizmatlardan foydalanishini qiyinlashtirishini bildirgan.

Milliy strategiya bolalarni zo‘ravonlik, beparvolik va ekspluatatsiyadan himoya qilish, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish hamda ularning jamiyatga qayta moslashuvini ta’minlash tizimini kuchaytirishga qaratilgan.

JSST, ayniqsa, ko‘chirilgan oilalar va migrantlar farzandlari kabi himoyaga muhtoj guruhlarda zo‘ravonlik, erta nikoh, odam savdosi va bolalar mehnatiga jalb etilish xavfi yuqoriligini qayd etgan.

Tashkilotning Pokistondagi vakili Lo Dapen mamlakat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish borasidagi majburiyatlarini amalga oshirishda JSST ko‘magiga tayanishi mumkinligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda qizlarning erta turmushga berilishi ularning ta’lim olishi, sog‘lig‘i va kelajakdagi imkoniyatlariga tahdid solayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing