“Ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning bolaligini o‘ldirmoqda“. YeI yangi taklif bilan chiqdi

Olam

image

Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen 13 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlanishini ma’lum qildi. Bu haqda u Yevropa Ittifoqining kelajagiga bag‘ishlangan yillik nutqi vaqtida so‘z ochdi.

Fon der Lyayenning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlar bolalarni bolalik davridan mahrum qilmoqda. Uning bildirishicha, yirik texnologik kompaniyalar o‘z mahsulotlarining bolalar uchun xavfsizligini isbotlashi kerak.

Taklifga ko‘ra, 13–15 yoshdagi bolalar ota-ona nazorati ostidagi maxsus “mini akkauntlar“dan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bunday akkauntlarda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish vaqtiga cheklovlar o‘rnatiladi.

Shuningdek, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar, video platformalar, onlayn o‘yinlar, sun’iy intellektga asoslangan chatbotlar va boshqa raqamli xizmatlarga cheklovlar joriy etiladi. Jumladan, bolalarni platformada uzoqroq ushlab turishga qaratilgan qaramlikka olib keluvchi funksiyalar, cheksiz lentani aylantirish va shaxsiy ma’lumotlarga asoslangan tavsiya algoritmlari taqiqlanishi mumkin.

Notanish shaxslarning bolalar bilan istalmagan aloqaga chiqishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Sun’iy intellekt chat-botlari esa bolalar uchun dastlabki holatda o‘chirib qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Yangi talablarni bajarmagan texnologik kompaniyalarga yillik global daromadining 6 foizigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.

Biroq texnologik kompaniyalarni birlashtiruvchi CCIA Europe guruhi taklif shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligini bildirgan. Tashkilotning ma’lum qilishicha, bolalar va ularning ota-onalariga oid ma’lumotlarni keng miqyosda yig‘ish kiberjinoyatchilar uchun nishonga aylanishi mumkin.

Yevrokomissiya ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha rejasini bugun, 17 sentyabr kuni e’lon qiladi. Hujjat qonun sifatida kuchga kirishi uchun Yevroparlament va Yevropa Ittifoqining 27 ta a’zo davlati tomonidan ma’qullanishi kerak.

Ursula fon der Lyayen Yevrokomissiyaning Raqamli adolat to‘g‘risidagi qonunini ham taqdim etishini ma’lum qilgan. Ushbu hujjat joriy yil oxirigacha Yevroparlamentga kiritilishi rejalashtirilgan.

Qonun loyihasida foydalanuvchilarni ilovalarda uzoq vaqt qolishga undaydigan qaramlikni keltirib chiqaruvchi dizayn xususiyatlariga qarshi kurashish ko‘zda tutiladi. Fon der Lyayen bunday funksiyalar barcha foydalanuvchilarga zarar yetkazayotganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlar, video platformalar, sun’iy intellekt chatbotlari va onlayn o‘yinlardan foydalanishini cheklashni taklif qilmoqchiligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing