Makron Yevropa Ittifoqiga bolalar masalasida taklif bilan chiqdi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni taklif qildi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Makron joriy yilning 29 avgust kuni Yevrokomissiya Prezidenti Ursula fon der Lyayenga yo‘llagan maktubida Yevropa Ittifoqi miqyosida bunday taqiqni joriy etish uchun yangi qonunchilik ishlab chiqishga chaqirgan. Uning maktubi “Reuters“ va boshqa OAVlar tomonidan ko‘rilgan.

Makronning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasi mamlakat Konstitutsiyaviy kengashi tomonidan yozda rad etilgan. Shu sababli, bu masalani Yevropa Ittifoqi darajasida hal qilish zarur.

“Endilikda Yevropa Ittifoqidagi barcha bolalarni himoya qilish uchun 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlashni yangi Yevropa qonunchiligi orqali uyg‘unlashtirish muhim“, deb yozgan Makron.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Avstraliya o‘tgan yili bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha qonun qabul qilganidan keyin Yevropaning bir qator davlatlari ham yoshlar uchun bunday cheklovlarni ko‘rib chiqmoqda. Bunga ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarning ruhiy salomatligi va xavfsizligiga ta’siri borasidagi xavotirlar sabab bo‘lmoqda.

Biroq ayrim davlatlar, ayniqsa Skandinaviya mamlakatlari, bunday qarorni hukumat emas, ota-onalar qabul qilishi kerak, deb hisoblamoqda.

Fransiya Prezidenti sifatidagi vakolati yakuniga bir yil qolgan Makron bu masalani 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylantirgan. U boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlarini ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga nisbatan qat’iy cheklovlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

Ursula fon der Lyayen iyul oyida Yevropa Ittifoqining 27 davlatida yosh bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash rejalashtirilayotganini aytgan. Ikki ekspert taklif qilgan tizimga ko‘ra, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan faqat cheklangan va nazorat ostida foydalanishga ruxsat berilishi, bola ulg‘aygani sari cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatilishi mumkin.

Makron esa bundan ham qat’iyroq chorani taklif qilmoqda – 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlash. U bu tashabbusni fon der Lyayenning shu oy oxirida Yevroparlamentda qilishi kutilayotgan Yevropa Ittifoqining yillik murojaati oldidan ilgari surmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya Konstitutsiyaviy kengashi 15 yoshga to‘lmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni nazarda tutgan qonun loyihasini so‘z va muloqot erkinligi hamda shaxsiy hayot daxlsizligiga zid deb topib, rad etgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing