Biz tayyormiz, Ukrainadan javob kutyapmiz – Lavrov
Olam
−
05 mart 2022
17799Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi raundi qachon o‘tkaziladi. Ayni kunlarda dolzarb bo‘lib turgan savolga Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov javob berdi. Uning qayd etishicha, Moskva Kiyevdan muzokaralarning uchinchi raundini o‘tkazish vaqti haqida ma’lumot olmagan.
“Hozircha biz yangi muddatlarni olmadik. Biz ukrainalik hamkasblarimiz yaxshi bilishganidek, kecha kechqurundan boshlab uchinchi raundni o‘tkazishga tayyormiz”, deydi Lavrov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina doimiy ravishda Rossiya Federatsiyasi bilan muzokaralarning navbatdagi raundi boshlanishini kechiktirish uchun bahonalar qilib keladi.
Lavrovning ta’kidlashicha, hozir vaziyat “g‘alati ko‘rinmoqda”.
“Rossiya Ukraina inqirozini hal qilish uchun zarur deb hisoblagan shartlarni aniq belgilab berdi. Biz ushbu inqirozni hal qilish, Shimoliy Atlantika alyansi a’zolari tomonidan Ukraina hududida Rossiya Federatsiyasiga qarshi yillar davomida yaratib kelinayotgan tahdidni bartaraf etish uchun qanday shart-sharoitlarni mutlaqo zarur deb hisoblashimizni, biz Prezidentning ma’ruzalarida ham, delegatsiyamizning ushbu muzokaralardagi nutqlarida ham aytib o‘tdik”, deydi Lavrov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti idorasi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Moskva va Kiyev delegatsiyalar o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar 5-6 mart kunlari bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida gapirgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralarining ikkinchi raundi 3 mart kuni Belovejda, birinchi raundi 28 fevral kuni Belarusning Gomel viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi