Bitta qaror bilan AQSH va Rossiya munosabatlari butkul jarlikka qulashi mumkin

Olam

image

AQSH Adliya vazirligi amerikalik qonunchilardan Rossiya aktivlarini Ukraina foydasiga musodara qilishga ruxsat berishni so‘ramoqda. Bu haqda Rossiya aktivlarini aniqlash va musodara qilish bo‘yicha ishchi guruhi rahbari Endryu Adams tomonidan tarqatilgan bayonotda aytiladi. 

“Bu rossiyalik ishbilarmonlarning musodara qilingan mol-mulkidan olingan daromadlarni Rossiya tajovuzkorligi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash uchun Ukrainaga o‘tkazish imkonini beradigan tashabbus”, deydi Adams.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday imkoniyat Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplash uchun musodara qilingan mablag‘lardan foydalanish holatida Adliya vazirligi resurslari va vositalarini kengaytiradi. Guruh rahbari tushuntirganidek, bunday vakolatni berish AQSHning musodara qilingan mablag‘lardan foydalanishni tartibga soluvchi ko‘plab qonunlariga o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi. 

Adamsning so‘zlariga ko‘ra, uning guruhi, xususan, Rossiya bilan bog‘liq AQSH eksport nazorati qonunlarini buzish holatlarini tekshirmoqda, shuningdek, Rossiyaning oxirgi foydalanuvchilariga AQSHning eksport nazorati qonunlarini chetlab o‘tishga urinishlarida yordam berishga intilayotgan xarid tarmoqlari va vositachilarni aniqlamoqda.

U, shuningdek, AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tishga qaratilgan tranzaksiyalarni targ‘ib qiluvchi yoki amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarni, shuningdek, rossiyalik tadbirkorlar tomonidan pul yuvishning ehtimoliy holatlarini tekshiradi.

Rossiya TIV Shimoliy Amerika departamenti direktori Aleksandr Darchiyevning TASS agentligiga aytishicha, AQSH rasmiylari tomonidan Ukraina foydasiga Rossiya aktivlarining musodara qilinishi Moskva va Vashington o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni nihoyat yakunlaydi. 

Uning qayd etishicha, ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi voqeligida Rossiya bilan u yoki bu tarzda bog‘langan har qanday aktivlar, jumladan, diplomatik mulk ham yuqori xavf ostida.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ukrainaga bosqin Rossiya-Ukraiana urushi Rossiya aktivlari

Baholaganlar

103

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing