Bayden Kiyevga va’da qilgan pullarning bir qismini Ukrainaga yuboradi
Olam
−
10 iyun 2022
4648Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga byudjet xarajatlarini moliyalashtirish uchun 7,5 milliard dollar yordam beradi. Bu haqda mamlakatning Kiyevdagi elchisi Brijit Brink ma’lum qildi.
“Men Denis Shmigal [Ukraina Bosh vaziri] bilan hamkorlikda Ukrainani Rossiya agressiyasidan himoya qilishda yordam berish va mamlakatning barqarorligi hamda tiklanishini qo‘llab-quvvatlashni intiqlik bilan kutaman. 7,5 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjet yordami bilan biz Ukraina kuchli bo‘lishini ta’minlaymiz”, deb yozadi AQSH elchisi.
Kecha, 9 iyun kuni AQSH elchisi rasmiy Vashington ajratgan qariyb 40 mlrd dollarlik yordamdan 1 mlrd dollari allaqachon Ukrainaga yetkazilganini aytdi. U AQSHning Ukrainaga yana 7,5 milliard dollarlik yordam ko‘rsatishi kutilayotganini qo‘shimcha qilgandi, biroq bu mablag‘lar nimaga ishlatilishi aytilmagan.
May oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga qo‘shimcha 40 milliard dollarlik qo‘shimcha yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.Ushbu mablag‘ning taxminan 20 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordamga yo‘naltirilishi kutilmoqda.
Ukraina Bosh vaziri aprel oyida qisqa muddatda Ukraina oyiga 4-5 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordamga muhtojligini aytgan edi. Ukraina Moliya vaziri Sergey Marchenko may oyida Ukraina byudjeti daromadlarining atigi uchdan bir qismi o‘z manbalaridan, qolgan qismi esa xorijiy grantlar va kreditlar hisobidan kelganini aytdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi