Ba’zi NATO davlatlari Ukrainada urush davom etishini istaydi - Chavusho‘g‘li
Olam
−
21 aprel 2022
9696NATOda Ukrainadagi urushni davom ettirmoqchi bo‘lgan davlatlar bor, chunki bu Rossiyani zaiflashtirishi mumkin. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘li CNN Türk telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“NATOda Ukrainadagi urush davom etishini istaydigan davlatlar bor. Ular urushning davom etishida Rossiyaning zaiflashayotganini ko‘rmoqda. Ular Ukrainadagi vaziyatdan unchalik xavotirda emas”, degan Turkiya vaziri.
Ukraina-Rossiya muzokaralariga kelsak, Chavusho‘g‘li Turkiya tomoni Antaliyada bo‘lib o‘tgan (10 mart kuni o‘tkazilgan – tahr.) muzokaralardan biror narsa chiqishini kutmaganligini, asosiysi tomonlarni bir joyga to‘plash bo‘lganini ta’kidlagan.
“Istanbuldagi muzokaralardan so‘ng umidlarimiz katta edi, biroq (Buchadagi – tahr.) qirg‘in suratlari paydo bo‘lgach ular Istanbul kelishuvidan uzoqlashishdi, biroq ikki tomon hamon muzokaralar olib bormoqda”, degan vazir.
Shu bilan birga, uning aniqlik kiritishicha, Ukraina va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin istalgan vaqtda uchrashishlari mumkin.
“Ikki yetakchining uchrashuvi muhokama qilinmoqda. Agar Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tsa, u Istanbul yoki Antaliyada bo‘lishi mumkin”, degan Chavusho‘g‘li.
Uning aniqlik kiritishicha, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kuleba bilan uchrashuvlarda Turkiya tomoni ushbu muzokara jarayoni va joylardagi mavjud vaziyat haqida ma’lumot oladi.
Turkiya TIV rahbari Ukraina uchun ehtimoliy xavfsizlik kafolatlariga ham izoh berdi. Uning qayd etishicha, Turkiya Ukraina uchun kafil bo‘lishga tayyor.
“Ammo Ukraina tomoni NATO Nizomining 5-moddasi misolida kafolat talab qilmoqda. AQSH, Kanada va Buyuk Britaniya, jumladan biz ham bunga qarshimiz. Jarayonning o‘zini, bu kafolatlar nima ekanligini, nima bo‘lishini tushunish kerak. Barcha kafil davlatlar shartlarni, kelgusidagi xavflarni qabul qilishlari kerak”, degan u.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralari 28 fevralda, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy yurishining to‘rtinchi kuni boshlandi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi. 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29 mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi