Andijonda topilgan chaqaloq jasadi, mulki xavfda qolgan rus boylari, zo‘ravonlikda ayblanayotgan MYU hujumchisi... 31 yanvar dayjesti
Tahlil
−
31 yanvar 2022
10070Jamiyat
Andijonda yangi tug‘ilgan chaqaloq jasadi topildi
Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yangi tug‘ilgan qiz chaqaloqning jasadi topilgan.
Holat bo‘yicha Bosh prokuratura ham munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, chaqaloqning jasadi topilganligi holati yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Keyinchalik esa Bosh prokuratura QALAMPIR.UZ’ga holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi.
Unga ko‘ra, yangi tug‘ilgan (qiz jinsli) chaqaloq jasadi joriy yilning 21 yanvar kuni soat 09:30 larda Jalaquduq tumani, Janubiy Olamushuk shaharchasi, Ittifoq MFY, Tikka ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududdan tashqi tan jarohatlarsiz topilgan.
Mazkur holat bo‘yicha voqea joyi tuman prokurori, tuman prokuraturasi tergovchisi, tuman IIB boshlig‘ining 1-o‘rinbosari, EKB eksperti, viloyat sud tibbiy ekspertiza mutaxassisi hamda tezkor-tergov guruhi a’zolari ishtirokida hodisa joyi va chaqaloq jasadi ko‘zdan kechirilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur chaqaloqni shaharchaning “Navoiy” MFY, Birlik ko‘chasidagi uyda yashovchi voyaga yetmagan 17 yoshli (2004 yil 1 iyulda tug‘ilgan) M.Sh. yashash uyining yonidagi qurilishi tugallanmagan bino ichida 20 yanvar kuni soat 23:00 larda o‘lik holatda tug‘ib, uning jasadini ushbu binoning orqa tomoniga tashlab ketgani aniqlangan.
Bolalar va homiladorlarga 7 turdagi vitaminlar bepul beriladi
15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homiladorlar 7 turdagi vitaminlar kompleksi bilan bepul ta’minlanadi. Bu haqda “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilandi.
Dasturga ko‘ra, onalik va bolalikni muhofaza qilishga doir ustuvor vazifalar ijrosi doirasida:
- 46 ta tumanlararo perinatal markaz tashkil etiladi;
- ushbu muassasalar kadrlar, tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.
Samarqandda yoshi katta erkakni yuziga tepgan o‘quvchi ushlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda “tiktoker” ko‘chada ketayotgan katta yoshli erkakni tepgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holatga Samarqand shahar Ichki ishlar boshqarmasi izoh berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 24 yanvar kuni soat taxminan 19:00 larda Samarqand shahri Qo‘shchinor mahallasida sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, 2007 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan O‘.A. mahalladoshi B.Hamidov yashovchi ko‘chada kelayotgan 1968 yilda tug‘ilgan fuqaro F.R.ning yuz qismiga tepib, hodisa joyini tark etgan. Holatni esa O‘.A.ning tanishi 2006 yilda tug‘ilgan R.K. tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan.
XTV maktablarda yo‘q qilinadigan 223 ta darslik ro‘yxatini e’lon qildi
2020-2021 o‘quv yili yakuni bo‘yicha barcha maktablarda foydalanish muddati tugagan 223 ta darslik kutubxona jamg‘armalari hisobidan chiqarilib, utilizatsiya qilinadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2020-2021 o‘quv yili yakuni bo‘yicha umumta’lim maktablari hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari foydalanish muddati tugagan, yaroqsiz holga kelganligi sababli kutubxona jamg‘armalari hisobidan chiqarilishi, utilizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalar ro‘yxati tasdiqlangan.
Birjada suyultirilgan gaz va yog‘ arzonlashdi
Joriy yilning 24 – 30 yanvar kunlari O‘zbekistonda paxta yog‘i, suyultirilgan gaz va poliyetilen narxi pasaydi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi” AJ Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan hafta birja savdolarida 1 trln 598 mlrd 9 so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 8,1 foizga kamdir.
Shuningdek, ochiq birja savdolari orqali jami 1 trln 457 mlrd 8 so‘mlik tovar resurslari sotilgan.
Olam
Tramp Bayden sabab Uchinchi jahon urushi boshlanishini aytdi
Amerika Prezidenti Jo Baydenning zaifligi va yetarli layoqatga ega emasligi tufayli uchinchi jahon urushi xatari yuzaga kelmoqda. Bu haqda AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp Konroda (Texas shtati) tarafdorlari oldida so‘zlagan nutqi davomida ma’lum qildi.
“Baydenning zaifligi va kompetensiyaga ega emasligi uchinchi jahon urushining real xavfini yaratmoqda”, degan Tramp.
Shuningdek, u Baydenning prezidentlik davrida KXDR avvalgiga qaraganda ko‘proq ballistik raketalar sinovini o‘tkazayotganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Trampning so‘zlariga ko‘ra, Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi “halokatli” bo‘lgan.
“AQSH go‘zali-2019” tanlovi g‘olibasi o‘lik holda topildi
“AQSH go‘zali-2019” tanlovi g‘olibasi Chesli Krist Nyu-York shahrida o‘lik holda topildi. Bu haqda “The New York Post” politsiyadagi manbalarga tayanib xabar bergan.
30 yoshli tanlov g‘olibasining jasadi kecha, 30 yanvar kuni ertalab 60 qavatli osmono‘par bino yonidan topilgan. Krist binoning to‘qqizinchi qavatida yashagan, lekin oxirgi marta uni 29-qavatda ko‘rishgan.
Nashrning yozishicha, Krist o‘limidan oldin hammasini onasiga qoldirishni istayotganini bildiruvchi yozuv qoldirgan.
Moskvada migrantlar ommaviy mushtlashuv uyushtirdi
Rossiyaning Moskva shahrida muhojirlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Mojaroda Tojikiston fuqarolari ishtirok etgani taxmin qilinmoqda.
Mojaroda 15 ga yaqin odam ishtirok etgan. Shuningdek, janjalda ishtirok etganlikda gumon qilingan 66 kishi politsiya tomonidan ushlangan.
BMT xodimlarini o‘ldirgan 51 kishi o‘limga hukm qilindi
Kongo Demokratik Respublikasida harbiy tribunal 2017 yilning mart oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikki xodimini o‘ldirganlikda ayblangan 51 kishini o‘limga hukm qildi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ish yuzasidan jami 54 kishi sudlangan. Gumonlanuvchilardan biri 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, yana ikki nafari oqlangan.
2003 yildan beri Kongo Demokratik Respublikasida o‘lim jazosiga moratoriy kiritilgan, shuning uchun hukm qilinganlarning jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi.
Britaniyada rossiyalik oligarxlarning mulki musodara qilinadi
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass Londondagi rossiyalik oligarxlarning mulkini musodara qilishga ruxsat berdi. Ukraina atrofidagi vaziyat munosabati bilan sanksiyalarni kengaytirish haqidagi qonun loyihasi shu hafta taqdim etiladi.
Trass “Kremlni qiziqtirgan har qanday kompaniya”ga qarshi cheklov choralarini ko‘rish rejalarini e’lon qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Putinga yaqin” biznes elita va “Rossiya rejimi manfaatlarini ilgari suruvchi” korxonalar sanksiyalardan “yashirina olmaydi”.
Bir balosi bo‘lmasa... To‘qayev Qozog‘istonda xalqaro surishtiruv o‘tkazilishiga qarshi chiqdi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev yanvar oyi boshidagi tartibsizliklar bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazishni rad etadi. To‘qayev 220 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan tartibsizliklardan keyin bergan ilk intervyusida Qozog‘istondagi hodisalar terakt ekanini aytdi.
“Qozog‘istonda xalqaro tergov o‘tkazishga hojat yo‘q deb o‘ylayman. Bizning halol va qobiliyatli odamlarimiz bor”, degan To‘qayev.
Rossiyada 2 yashar o‘zbekistonlik qizning jasadi topildi
Rossiyaning Leningrad viloyatida 34 yoshli ayol hibsga olindi. U enaga bo‘lib ishlagan va hozir o‘zbekistonlik ikki yashar qizni o‘ldirishda gumonlanmoqda. Bu haqda NTV xabar berdi.
30 yanvar kuni kechqurun Murino shahridagi Mendeleyev bulvaridagi uylardan birining kvartirasidan 2 yoshli qizaloqning jasadi topildi.
Enaga ikki kun davomida bolaning o‘limini yashirgan. Voqea joyiga yetib kelgan tez yordam shifokorlari bu haqda qizning onasiga xabar berishgan.
Bloger TikTok'dagi jonli efir vaqtida onasi va buvisini kaltakladi
Rossiyaning Volgograd shahrida bloger TikTok'dagi jonli efir vaqtida onasi va buvisini kaltakladi. Hozirda yigitga nisbatan huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tekshiruv boshlandi. Bu haqda mahalliy nashrlar yozmoqda.
Qayd etilishicha, yigitning onasi va buvisi unga baland musiqa sabab tanbeh bergan. Yigit bunga haqorat bilan javob qaytargan. Keyin esa "tiktoker" onasiga tashlanib, uni ura boshlagan. Shu orada xonaga uning buvisi kirib, ayolga yordam bermoqchi bo‘lgan. Biroq, keksa ayol nabirasini to‘xtata olmagan, yigit esa ularni urib, xonada uloqtira boshlagan. Natijada keksa ayol yiqilgan va yordam so‘rab, baqirishni boshlagan. Ona esa yigitga politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishini aytgan.
Sport
MYU futbolchisi jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanmoqda. U 10 yilga qamalishi mumkin
Kecha, 30 yanvar kuni politsiya "Manchester Yunayted" futbolchisi Meyson Grinvudni hibsga oldi. Unga 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.
Angliya terma jamoasi vingeri o‘zining sevgilisi, model Garriyet Robsonga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda gumon qilinmoqda. Robson o‘zining jinsiy aloqa qilishga majburlangani aks etgan audioyozuvni e’lon qilgan va kaltaklanish belgilarini ko‘rsatgan. Shuningdek, u Grinvudni zo‘ravonlikda ayblab, bir qator fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan.
Prof boks yulduzi futbolda debyut qiladi
Professional boksning super og‘ir vazn toifasida WVA Super, WVO, IBF va IBO yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempioni Aleksandr Usik Ukrainaning “Polese” futbol klubi futbolchisi bo‘layotgani haqida gapirdi.
“Men birinchi ligadagi “Polese Jitomir” jamoasi safida debyut qilaman. Klub bilan Turkiya yig‘inida qatnashaman va 3 fevra kuni maydonga tushaman. Qishki kubok – Futbol telekanalida tomosha qiling. Hammaga boks, keyin esa futbol”, deydi Usik.
Dzyudo. O‘zbekiston Gran-pri turnirini bitta medal bilan yakunladi
Kecha, Portugaliyaning Almada shahrida dzyudo bo‘yicha Gran-pri seriyasiga kiruvchi musobaqa o‘z yakuniga yetdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi bitta oltin medal bilan turnirni yakunladi.
-73 kg vazn toifasida ishtirok etgan Murodjon Yo‘ldoshev ushbu musobaqa qahramoniga aylandi. U g‘alaba yo‘lida Finlyandiya, Niderlandiya, Gruziya, Mo‘g‘uliston va Ispaniya mamlakati vakillarini mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu g‘alaba unga jahon tasnif jadvali uchun 700 ochko taqdim etadi.
LiveBarchasi