Amerika Rossiyani “bo‘g‘ish” uchun yana sanksiya ishlab chiqmoqda
Olam
−
30 mart 2022
19601Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiyaning ta’minot zanjiriga aloqador kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy etish niyatida. Bu haqda AQSH Moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyemo kecha, 29 mart kuni ma’lum qildi.
“Biz [Rossiyaning] butun dunyo bo‘ylab yetkazib beruvchilar Rossiyaga yordam bermasligini ta’minlash uchun ta’minot zanjiri kompaniyalarini nishonga olamiz”, degan u CNBC telekanalida Vashingtonning navbatdagi sanksiyalar harakati haqida so‘ralganda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu qadamlar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyotini ushlab turishga qaratilgan boshqa cheklovchi choralar “dunyodagi AQSH ittifoqchilari bilan hamkorlik va muvofiqlashtirilgan holda” amalga oshiriladi.
Adeyemoning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar “Rossiya qandaydir tarzda G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tganini” hozircha ko‘rmayapti, biroq Vashington RF cheklovlarni yengib o‘tish uchun barcha mavjud usullardan, shu jumladan, kriptovalyutalar va soxta kompaniyalardan foydalanishga tayyorligini biladi.
Avvalroq Rossiya G‘arb sanksiyalariga javob cheklovlarining navbatdagi paketini tayyorlayotgani haqida xabar bergan edik.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi