Aleksey Navalniy 32 kundan keyin Charite`dan chiqdi

Jamiyat

image

Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy Berlindagi Charite klinikasidagi muolajalarini tugatib chiqdi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

“Bemorning ahvoli shu darajada yaxshilandiki, u shifoxonadan chiqarildi. Aleksey Navalniy Charite`da 32 kun davolandi. Shundan 24 kunida u reanimatsiyada bo‘ldi. Uni davolagan shifokorlar bemorning hozirgi ahvolidan kelib chiqib, u to‘liq tuzalishi mumkinligini aytdi. Ammo uning og‘ir zaharlanishi kelajakda qanday oqibatlarga olib kelishini baholashga hali erta”, deyilgan xabarda.

Avvalroq, Navalniy Rossiya huquq-tartibot idoralaridan uning kiyimlarini qaytarishni talab qilgandi. Muxolifatchi 30 kun davom etgan tergovga qadar surishtiruvda shunday muhim dalil yaxshilb "tekshirilgani"ni ta’kidlagandi.

Aleksey Navalniyga nima bo‘ldi?

Muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy joriy yilning 20 avgust kuni samolyotda Tomskdan Moskvaga ketayotganda tobi qochib, Omskdagi shifoxonaga yotqizildi. Unga nima bo‘lgani noma’lum bo‘lib turgan vaqtda, siyosatchining tarafdorlari Navalniy zaharlanganini iddao qildi.

Ular Navalniyni Germaniya olib ketish harakatiga tushganda Omskdagi shifokorlar bunga ruxsat bermadi. Oradan ikki kun o‘tib esa, Navalniyni istalgan shifoxonaga ko‘chirish mumkinligini aytishdi va siyosatchi Berlinga olib ketildi. Bu hol ham muxolifatchi tarafdorlarida shubha uyg‘otdi va ishga Kreml aralashgani gumon qilindi.

Germaniyada tekshiruvdan o‘tkazilgach, u zaharlangani ma’lum bo‘ldi. GFR Hukumati siyosatchi asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi.

Germaniya kansleri Angela Merkel Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Rossiyadan hisob so‘radi. Uning talabini Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH ham qo‘lladi. Yevropa parlamenti esa Navalniy bilan yuz bergan holat bo‘yicha sanksiyalar joriy qilish haqida rezolyutsiyani tasdiqladi.

14 sentyabr kuni Navalniy o‘ziga keldi va sun’iy nafas oldirish apparatidan uzildi. Ertasi kuni u zaharlanganidan keyingi ilk suratini ijtimoiy tarmoqqa joyladi.

Ahamiyatli tomoni, “The New York Times” gazetasining GFR xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Navalniy Germaniyada qolmoqchi emas. U sog‘aygach, Rossiyaga qaytib, o‘z missiyasini davom ettirish niyatida. 

Nemis nashrlari Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya razvedkasi borligini yozmoqda. Shuningdek, “Reuters” agentligi Navalniyning Omskdagi shifoxonadan ketishi bevosita Kreml ruxsat berganini ma’lum qildi. Agentlik Omskdagi shifoxonaga yaqin manba bilan suhbatlashgan. U shifokorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremldan qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgan.

Navalniyning safdoshlari esa Tomskda u qolgan mehmonxona xonasidan “Novichok”ning izi bor suv idishi topgan. Zaharni Germaniya mutaxassislari aniqlagan.

Bu orada Rossiya Navalniy bilan bog‘liq barcha ayblovlarni rad qilyapti. Kremldagilar uning zaharlanganini ham yolg‘on deb atashmoqda. Aksincha, RF G‘arb davlatlari va NATO “Novichok” guruhiga kiruvchi zaharli moddani tayyorlashga muvaffaq bo‘lgan deb, ularni aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksey Naval'niy

Baholaganlar

33

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing