AQSH Usmonovga qarshi sanksiyada istisno qildi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Moliya vazirligi rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli kompaniyalarni sanksiya e’lon qilingan ro‘yxatdan chiqarib tashladi. Bu haqda Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) direktori Andrea Gaki tomonidan imzolangan hujjatda keltirilgan.

Qayd etilishicha, Usmonovning 50 foizdan ortiq ulushga egalik qiladigan kompaniyalariga ham sanksiya qo‘llanilmaydi. Ularning hisoblari bloklanmagan, tranzaksiyalarga ruxsat berilgan.

Hujjatga ko‘ra, Usmonov OFAC tomonidan cheklovlar joriy etilgan shaxslar ro‘yxatida yo‘q – AQSHda uning ishtirokidagi yuridik shaxslarning mulki va ulushlari blokdan chiqarilgan, ularga o‘z hisobvaraqlaridan mablag‘larni yechib olishga ruxsat berilgan. Ushbu istisno Usmonovning ilgari boshqa sabablarga ko‘ra cheklangan aktivlari yoki kompaniyalarning moliyaviy operatsiyalariga taalluqli emas.

Ma’lumot uchun, kecha, 3 mart kuni Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga javoban rossiyaliklarga qarshi yangi shaxsiy sanksiyalarni e’lon qildi. Sakkiz kishi (oila a’zolari bilan birga) sanksiyalar ostida qoldi. “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov va VEB.RF raisi Igor Shuvalov, milliarderlar Alisher Usmonov, Arkadiy Rotenberg va Boris Rotenberg, biznesmen Yevgeniy Prigojin va Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov. 

Oq uy Matbuot xizmatiga ko‘ra, sanksiyalanganlar AQSH moliya tizimidan uziladi, aktivlari muzlatiladi va mulklari bloklanadi.

“AQSH ma’muriyati milliarderlarga qarshi sanksiyalar va uning natijasida yuzaga kelgan moliyaviy bosim ularni Vladimir Putindan uzoqlashishga va uni Ukrainadagi urushni to‘xtatishga majbur qilishiga umid qilmoqda”, deya yozilgan “Bloomberg” nashrida.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin hisoblangan milliarderlarga sanksiya joriy qilgandi. Ular orasiga “Rosneft” rahbari Igor Sechin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov va boshqalar kirgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing