Ukraina ortidan yana bir davlat YeIga tez a’zo bo‘lish harakatiga tushdi

Olam

image

Gruziya Bryusselga Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod bo‘lish uchun ariza yubordi. Tegishli hujjat Bosh vazir Irakliy Gariboshvili tomonidan imzolangan. Bu haqda RIA Novosti ma’lum qildi.

"Bugun Gruziya uchun tarixiy kun: men mamlakat nomidan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun arizani imzolayapman", deydi siyosatchi o‘zining videomurojaatida.

Uning fikricha, bu Gruziya davlati va xalqining tanlovidir.

“Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirish Gruziyaning Yevropa integratsiyasi yo‘lidagi yana bir muhim qadami, tariximizda yangi sahifa ochuvchi va ajdodlarimizning yagona Yevropa oilasi atrofida birlashish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini davom ettiruvchi bosqichdir. Gruziya – Yevropa davlati”, deya qo‘shimcha qildi Gariboshvili.

Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi hukumat bilan maslahatlashganidan so‘ng tezkorlik asosida ariza berishga qaror qilgan. Ilgari rasmiylar buni 2024 yilda amalga oshirishni rejalashtirgan, biroq “yangi voqelik”dan kelib chiqib, o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi a’zolariga mamlakatni zudlik bilan ittifoqqa qabul qilishni so‘rab murojaat qildi va a’zolik uchun arizani imzoladi. Yevroparlament unga nomzod davlat maqomini beruvchi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi.

Moldova Prezidenti Mayya Sandu ham respublika Yevropa integratsiyasini tezlashtirish kerak, degan fikrni bildirdi. Ammo a’zolikka kirish uchun davlatlar turli mezonlarga javob berishi kerak bo‘ladi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing