Rossiyaga hududiy yon berish 3-Jahon urushiga yo‘l berishmi?

Tahlil

Rossiyaning Ukrainaga bosqini o‘zining 1000 kunlik chegarasidan o‘tganiga ham ancha bo‘ldi. U hali ham davom etmoqda va ortda qolgan yoz va kuz oylarida yanada kuchaydi. Ammo salkam 3 yildan buyon davom etayotgan bosqin atrofida bugun umidli xabarlar ham yo‘q emas. Ayni damda Tramp inauguratsiyasining yaqinlashishi fonida bosqinning nihoyasi va hatto bu jarayon yaqin ekanligi haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinyapti. AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning Fransiyaga safari hamda Yelisey saroyida uning Makron va Zelenskiy bilan uchrashuvidan so‘ng bosqinning yakuni yaqinligi haqidagi taxminlar ancha jiddiylashdi. Biroq bosqinning tugashi masalaning faqatgina bir tomoni xolos. Uning qanday va qay shartlar bilan yakunga yetishi esa masalaning eng asosiy tomoni aslida. Mojaroning tugashiga to‘sqinlik qilayotgan eng katta kelishmovchilik ham shu. Rossiya Ukrainaga tegishli bo‘lgan qonuniy hududlarning yaxlitligi bilan sariq chaqalik ishi yo‘q. Ukraina esa bosqin boshidan buyon hududiy yon berish haqida murosasiz ekanini aytib keladi. Biroq bugun Rossiya o‘zi tomonidan Ukrainaning bosib olingan yerlarini qaytarishi dargumon. AQSHda hokimiyat tepasiga siyosiy qadriyatlarga tupurib qo‘ygan nomzodning kelishi esa Kiyev uchun vaziyatni yanada chigallashtirishi oldindan kutilgandi. Chunki Tramp inauguratsiyasidan ko‘p o‘tmay Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha bergan va’dasining ustidan chiqish uchun Ukrainaga o‘z yerlaridan voz kechishda bosim o‘tkazishi ham hech gap emas. Aslida bosqinni to‘xtatish uchun boshqa variantlar ham bor. Masalan, mojaroni bugungi harbiy harakatlar chizig‘ida bir necha yilga muzlatish va Ukraina NATOga qabul qilinishi va hokazolar. Ammo bular ehtimoli juda past bo‘lgan versiyalar desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ukrainani Rossiya shu kungacha bosib olingan yerlardan voz kechtirish esa yirik o‘yinchilar uchun oson va tez bitadigan jarayondek ko‘rinishi mumkin. Hatto Trampning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng Yevropa yetakchilari Ukraina hududlarining sharqiy qismi Rossiyaga berilishi bo‘yicha ssenariyga tayyor turishga ogohlantirilganligi haqidagi xabarlar ham tarqaldi. Biroq tarix bizga bunday yondashuv mutlaqo xato ekanligidan dars beradi. Ya’ni tajovuzkor va qo‘shni hududlarni anneksiya qilishga odatlangan davlatga yon berish, uning kelgusida shu kabi harakatlarda ishtahasini ochishi va hatto bu jahon urushiga ham olib kelishi mumkinligiga tarix guvohdir.

Bugungi Putin va kechagi Gitlerning o‘xshash ssenariylari

O‘z siyosiy karerasini Myunxendagi pivoxonalarda shakllantirib borgan Adolf Gitler hokimiyat tepasiga kelish uchun naqd 10 yildan ortiq vaqt davomida jiddiy kurashdi. 1934 yilda shu kun keldi. Prezident Gindenburg vafoti munosabati bilan 1 yil oldin reyxskansler etib tayinlangan Gitler endi mamlakatning fyureri, ya’ni dohiysi bo‘ldi. Bu maqsadga erishish uchun unga irqchilik ruhiga yo‘g‘rilgan natsional-sotsialistik partiyasi yordam berdi. U prezidentlik lavozimini bekor qilib yubordi. Mamlakat ichida unga qarshilik qilishi mumkin bo‘lgan aytarli kuchni qoldirmadi. Tez orada esa u bunday erkinlikka dunyo miqyosida erishdi. Ya’ni uning bosqinchilik va noraso irqlarni bo‘ysundirish borasidagi g‘ayriinsoniy maqsadlariga qarshi turishda dunyo liderlarida jasorat taqchilligi yuzaga keladi. 1936 yildan boshlab keyingi 3 yil ichida to ikkinchi jahon urushi boshlangunga qadar nemis iqtisodiyoti to‘laqonli militarizatsiya qilinadi. Harbiy xarajatlarni misli ko‘rilmagan darajada – 10 barobarga oshirib, Yevropadagi eng yirik armiyani barpo qildi. Bunday natijaga Germaniyada 1937-38 yillarda kuzatilgan juda yuqori iqtisodiy o‘sish orqali erishildi. 15 yil oldin dunyo tarixidagi eng yirik inflyatsiyani boshdan kechirgan va Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng karaxt ahvolga tushib qolgan Germaniyadan asar ham qolmagandi. U endi nafaqat Yevropaga, balki butun dunyoga tahdid solar, hatto boshqa qudratli davlatlar bu paytda tashqi siyosiy masalalarda Germaniyaga yon berishni afzal ko‘rardi. Bu yillar tarixda “tajovuzkorga yon berish” siyosati degan nom qoldirdi. G‘arb davlatlarining mazkur qo‘rquvi Gitler uchun ayni muddao edi. U o‘z ishini Avstriyani anneksiya qilishdan boshladi. 1938 yil mart oyida Avstriya Germaniyaga bo‘ysundirilganidan so‘ng tashqi dunyodan aytarli reaksiya sodir bo‘lmagach, Gitlerning ishtahasi yanada ochildi. U endilikda Chexoslovakiyaga tegishli bo‘lgan Sudet viloyatiga ko‘z tikdi. Aslida Gitler butun boshli Chexoslovakiyani bosib olishni xohlardi, Sudet esa shunchaki boshlang‘ich nuqta edi, xolos. 1938 yil aprel oyida, ya’ni Avstriya anneksiyasidan atigi bir oy o‘tib, Gitler Germaniya Qurolli kuchlari oliy qo‘mondonligi rahbari Vilgelm Keytel bilan mazkur reja muhokamasini boshlab yubordi. Ammo bu safar ular hech qanday sababsiz va bosqinni oqlaydigan biror bir bahonasiz ushbu hujumni dabdurustdan amalga oshirishdan tiyildi. Chunki Avstriyadan farqli o‘laroq Chexoslovakiyada kuchli ittifoqchilar, xususan Fransiya bor edi. Bundan tashqari, Sovet Ittifoqi bilan ham ma’lum ma’noda harbiy yaqinlik mavjud edi. Aynan shu omillar Gitlerni biroz kutishga majbur qildi. Lekin unchalik ko‘p emas. Chunki vaqt o‘tib, Germaniyadagi natsistik partiya Yevropada hech bir qudrat uning bosqinlariga qarshi tura olmasligini payqay boshlaydi. Bu orada Gitler uchun Chexoslovakiyaning Sudet viloyatini qo‘shib olishda yaxshigina “asos” ham tayyor edi. Sudetda asosan nemislar yashar va Gitler ularni xuddi “ozod qilish” vaji bilan ochiqdan ochiq tahdidli ritorikaga o‘ta boshladi. Bugungi Ukraina va kechagi Gruziya bosqinlarini eslatib yuboradigan voqea, shunday emasmi?

Myunxen shartnomasi – Ikkinchi jahon urushiga “start”

Aprel ham nihoyalab, may oyi kelganda Gitler va uning generallari Chexoslovakiyani bosib olish rejasini tuzayotgani ma’lum bo‘ldi. Gitler Chexoslovakiyadagi nemislarni o‘z vatanlari bilan birlashishi lozimligini talab qilib, qator nutqlar qila boshladi. Bunday sharoitda Chexoslovakiyaga yordam berishi mumkin bo‘lgan Fransiya va Buyuk Britaniya Gitler Germaniyasiga qarshi hech qanday qarshilik ko‘rsata olmasliklarini his qilishar, ular har qanaqa holatda Chexoslovakiyani Germaniyaga sotishga tayyorlanayotgandi. Bu jarayon Fransiyada 1938 yil aprel oyida Eduard Dalade boshchiligidagi yangi hukumat boshqaruvga kelganda yanada oydinlashdi. Fransiya asta-sekin Chexoslovakiya mudofaasi uchun o‘zidagi bor javobgarlikni soqit qilish yo‘liga o‘tdi. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan nazorat qilinadigan Le Temps gazetasida Parij yuridik fakulteti professori Jozef Bartelemi tomonidan maqola chop etilib, unda u 1924 yilgi Franko-Chexoslovakiya ittifoq shartnomasini sinchkovlik bilan tahlil qildi. Yakunda esa maqolada Fransiya Chexoslovakiyani qutqarish uchun urushga borish majburiyati yo‘q degan xulosaga kelindi. Dalade vaziyatni muhokama qilish uchun Londonda Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi Bosh vaziri Nevill Chemberlen bilan uchrashdi. Chemberlenda Gitlerning Chexoslovakiyani butunlay bosib olishiga qanday to‘sqinlik qilish mumkinligi haqida hech qanday reja yo‘q edi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Pragani Germaniyaga hududiy yon berishga undash kerakligini ta’kidladi. Fransiya va Britaniya rahbariyati Sudet hududini Chexoslovakiyadan tortib olib, quturib borayotgan Gitlerga berish orqaligina natsizmning potensial xavfini kamaytirish mumkinligiga ishonishdi. Xuddi bugun Ukrainani ba’zi kuchlar hududiy yon berishga undayotgani kabi. Dalade Londonga qilgan keyingi safarida Germaniya istaklarini qanoatlantirish ko‘zlangan qo‘shma taklif tayyorladi. Unga ko‘ra, aholisining 50 foizdan ortig‘i nemis bo‘lgan Sudet yerlarining barchasi Germaniyaga berilishi kerak edi. Bu esa Chexoslovakiyaning Chexiya qismi Gitler tomonidan deyarli o‘rab olinishini anglatardi. Dastlab surbetlarcha tayyorlangan bu taklifni Chexoslovakiya rad etdi, ammo sentyabrning so‘nggi kunlarida mazkur tahqirli shartni qabul qilishga majbur bo‘ldi. Chemberlen mazkur taklif bilan Germaniyaga uchib ketadi. Biroq u yerda Gitlerning mazkur masala yuzasidan talab va istaklari yanada ortganini bilishi bilan hafsalasi pir bo‘ladi. Bu orada Fransiya va Buyuk Britaniyada Gitlerning injiqliklariga nisbatan toqatsizlik ko‘tarildi. Vaziyat harbiy safarbarlik va urush yoqasiga kelishiga bir baxya qolganida, so‘nggi lahzalarda Chemberlen yana qo‘rquv va xiyonat orqali Gitlerga yon berish variantiga qaytdi. U nizoni hal qilish uchun darhol to‘rt kishilik konferensiya chaqirishni taklif qildi. Gitler rozi bo‘ldi va 29 sentyabr kuni Gitler, Chemberlen, Dalade va italiyalik natsistik lider Benito Mussolini Myunxenda uchrashishdi. Gitler fashizmning eng yaqin hamkori Italiya hukumati rahbari Benito Mussolini Myunxen shartnomasi deya nomlangan yozma rejani taqdim etdi. Reja muallifi ham aynan italiyalik fashistlar edi. Unga ko‘ra, nemis armiyasi Sudet yerlarini bosib olishni 10 oktyabrgacha yakunlashi, xalqaro komissiya esa boshqa bahsli hududlarning kelajagini hal qilishi lozim edi. Chexoslovakiya Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan mazkur anneksiyaga bo‘ysunishi lozimligi to‘g‘risida xabardor qilindi. Chexoslovakiya hukumati esa o‘z-o‘zidan taslim bo‘lishni tanladi. Mamlakat o‘ta qiyin vaziyatda xiyonat qurboniga aylandi. Bu yoqda esa Myunxendan qaytish arafasida Chemberlen Gitler bilan tinchlikni ta’minlash uchun maslahatlashuv orqali kelishmovchiliklarni hal qilish istagini bildirgan bir tiyinga qimmat hujjatni imzoladi. Dalade ham, Chemberlen ham urush xavfi o‘tib ketdi, deya xursand bo‘lgancha ortga qaytadi. Chemberlen Britaniya jamoatchiligiga sharaf bilan tinchlikka erishganini aytadi. Ammo o‘sha paytda uning eng asosiy tanqidchisi, Konservatorlar partiyasi a’zosi va uzoqni ko‘ra oluvchi buyuk siyosatchi Uinston Cherchill unga darhol e’tiroz bildirdi. Cherchill Chemberlen manziliga “sizga urush va sharmandalik o‘rtasida tanlov berildi. Siz esa sharmandalikni tanladingiz, sizda endi urush ham bo‘ladi”, degan gaplarni yo‘llagandi. Ko‘p o‘tmay Cherchill mutlaqo haq bo‘lib chiqdi. Dalade va Chemberlenning qo‘rqoqligi va uquvsiz siyosati nafaqat Yevropaga, balki butun dunyoga juda qimmatga tushdi. Gitlerga Sudet yerlarini berish orqali uning tajovuzini oldini olish rejasi puchga chiqdi. Ishtahasi ochilgan bosqinchi bu bilan to‘xtab qolmadi. U kelasi yili, ya’ni 1939 yil mart oyida Chexoslovakiyaning qolgan qismini ham Germaniyaga qo‘shib oldi. Sobiq ittifoqchilar esa o‘sha paytda ham qarshilik ko‘rsatishga yaramadi. O‘sha yilning sentyabr oyida esa Gitler Germaniyasi Polshaga bostirib kirganida mavjud yaralar gazak olib bo‘lgandi. Dunyo Ikkinchi jahon urushiga qadam qo‘ydi.

Putinga Donbass = Gitlerga Sudet

Shu tariqa Ikkinchi jahon urushining sodir bo‘lishiga, tajovuzkorga zaifroq bo‘lgan davlatning yerlarini bosib olishda qarshilik ko‘rsatilmagani ayni muddao bo‘ldi. Myunxen shartnomasi hududiy yon berish orqali ekspansionistik avtoritar davlatlarni tinchlantirish befoydaligini butun dunyoga isbotladi. Aslida bu faktni tasdiqlash uchun juda ortga – tahqirli Myunxen shartnomasiga qaytish shart emas. Buni so‘nggi 16 yil ichida postsovet davlatlari bilan sodir bo‘lgan va bo‘lib kelayotgan voqealar ham isbotlaydi. 2008 yil Gruziyadan Abxaziya va Janubiy Osetiya kabi hududlar ajratib olinishi, 2014 yildagi Qrim anneksiyasi va salkam 3 yildan buyon davom etib kelayotgan Ukraina sharqidagi bosqin shular jumlasidandir. Qizig‘i shundaki, bu voqealar 1938 yildagi Avstriya anneksiyasi, o‘sha yil oktyabrdagi Sudet viloyatining ham Germaniyaga qo‘shib olinishi hamda 1939 yildagi qolgan voqealar rivoji bilan juda ko‘p o‘xshashliklarga ega. Eng hayratlanarlisi esa ushbu ishlarni amalga oshirgan ikki shaxs ham o‘zi tomonidan tortib olingan yoki anneksiya qilingan yerlarga o‘xshash sabablar bilan hujum qilgan. Gitler Chexoslovakiyaning Sudet viloyatidagi nemislarni haqiqiy vataniga qaytarishni istagan bo‘lsa, Putin Donbassdagi rusiyzabonlar taqdiri haqida juda ko‘p “qayg‘urgani” tufayli suveren, mustaqil bo‘lgan bir davlatga harbiy texnika va qo‘shin kiritdi. Endi esa shu paytgacha bosib olgan yerlarini qaytarishni hayoliga ham keltirmayapti. Bugun 1000 kundan ortiq vaqt davomida tinimsiz davom etib kelayotgan va dunyo tartibini anchagina shikastlab ulgurgan Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtashi sayyora kelajagi uchun ijobiy natija ekanini hech kim rad qilmaydi. Ammo bu kelishuv Ukraina hududlarining Rossiyaga berilishi evaziga sodir bo‘lsa, mazkur voqea ko‘p ehtimol tinchlik emas, balki xuddi Myunxen kelishuvidagi kabi keyingi yanada kattaroq urush uchun “yashil chiroq” yoqishi mumkin. Chunki Ukrainaga bosqinni uning yerlarini o‘ziga qo‘shib olish orqali yakunlagan Putin uchun bu yutuq uning keyingi harakatlarida misli ko‘rilmagan ma’naviy ustunlikni taqdim qiladi. Uning keyingi harakatlari esa Myunxen kelishuvidan keyingi ssenariylar bo‘yicha ketmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Sababi unda naqd 3 yillik urush tajribasiga ega armiya, urushga moslashib borayotgan iqtisod va qurol, hatto askar ham yetkazib berishi mumkin bo‘lgan bir qancha ittifoqdoshlari mavjud. Bundan tashqari esa tarix takrorlanishdan iboratligini ham esdan chiqarmaslik lozim.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiyaning Ukrainaga bosqini Putin va Gitler Donbass va Sudet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing