AQSH Ukrainani tiklash uchun ikkinchi “Marshall” rejasini ishlab chiqadi

Olam

image

AQSH Senati Ukrainani tiklash uchun 350 milliard dollar ajratishni ma’qulladi. Bu haqda Nyu-Yorkning 45-saylov okrugi bo‘yicha Respublikachilar partiyasi rahbari Boris Pinkus ma’lum qildi.

“Bir necha hafta oldin AQSH Senati Ukrainani qayta tiklash uchun 350 milliard dollar ajratishni ma’qulladi. Bu hali boshlanishi. Bundan tashqari, barcha Yevropa davlatlarining faol ishtirokini ko‘zda tutuvchi Marshall rejasi ishlab chiqiladi”, deydi Pinkus.

Uning qayd etishicha, bu yo‘nalish yanada jadallashishi kerak.

“Urush qachon tugashidan qat’i nazar, bugun Ukraina zudlik bilan zarar ko‘rgan mintaqalar infratuzilmasini tiklashi kerak. AQSH Kongressi ham, Bayden ma’muriyati ham bu yo‘nalishda ishlamoqda”, deydi u.

Marshall rejasi – Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropani AQSH va Kanadaning iqtisodiy yordami bilan tiklash va rivojlantirish dasturi. Bu rejani 1947 yil 5 iyunda AQSH davlat kotibi, general J. K. Marshall ishlab chiqqan va uni amalga oshirish 1948—1951 yillarga mo‘ljallangan. Reja doirasida G‘arbiy Yevropa davlatlariga 17 mlrd dollar yordam berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 30 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden 2023 yil davomida Ukrainaga qo‘shimcha moliyaviy yordam yo‘naltirishni ko‘zda tutgan qonunni imzolagan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

38

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing