AQSH Senati Putinni harbiy jinoyatchi sifatida qoraladi

Olam

image

AQSH Senati Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni harbiy jinoyatchi sifatida tekshirish talab qilingan rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi.

Reuters” va “Associated Press” xabarlariga ko‘ra, rezolyutsiya Respublikachi senator Lindsi Grem tomonidan kiritilgan va har ikki partiya senatorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Rezolyutsiyada Senat Putin davrida Rossiya Qurolli Kuchlari tomonidan sodir etilgan “zo‘ravonlik, urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar”ni keskin qoralaydi.

Rezolyutsiya Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi va boshqa davlatlarni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va uning rejimi, jumladan, Rossiya harbiylari ustidan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi paytida sodir etilgan harbiy jinoyatlar yuzasidan tergov o‘tkazishga chaqiradi.

“Biz hammamiz respublikachilar va demokratlar Vladimir Putin Ukraina xalqiga nisbatan sodir etgan vahshiylik uchun javobgarlikdan qochib qutula olmasligini aytish uchun yig‘ildik”, degan Senatdagi demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 mart kuni BMT Bosh Assambleyasi Rossiyadan Ukrainadagi urushni to‘xtatish va qo‘shinlarini olib chiqishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Rezolyutsiya uchun 141 davlat yoqlab, besh davlat qarshi ovoz berdi, 35 davlat betaraf qoldi. Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya va Eritreya qarshi chiqdi. Betaraf qolganlar – Xitoy, Hindiston, Kuba, Markaziy Afrika Respublikasi, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Pokiston, JAR va boshqalar. Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston ovoz bermagan.

Keyinroq 4 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi Rossiyaning harakatlarini qoralovchi rezolyutsiya loyihasini qabul qildi, unda Ukrainadagi inson huquqlari buzilishini tekshirish uchun mustaqil komissiya tuzish ham nazarda tutilgan. 

Jenevada ikki kun davom etgan navbatdan tashqari sessiya yakunida Kengashga kirgan 47 davlatdan 32 tasi rezolyutsiya loyihasini yoqlab ovoz berdi. Ikki davlat qarshi chiqdi, 13 davlat betaraf qoldi. Xususan, Rossiya va Eritreya rezolyutsiya loyihasiga qarshi chiqdi, betaraf qolganlar orasida Xitoy va bir qator Afrika davlatlari e’tiborni tortmoqda. Shu tariqa hujjat mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

14

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing