AQSH Rossiyaga yordam berayotgan uchinchi tomonlarga sanksiya tayyorlayapti – OAV
Olam
−
26 mart 2022
18592Oq uy Rossiya iqtisodiyotiga mavjud cheklovlarning ta’siri noaniq bo‘lgani tufayli boshqa davlatlardagi uchinchi tomonlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda “The Washington Post” manbalarga tayanib xabar bergan.
“Oq uy rasmiylari boshqa mamlakatlardagi uchinchi tomonlarni Rossiya iqtisodiyotining AQSH sanksiyalari ostida qolgan qismlari bilan aloqa qilganligi uchun jazolaydigan qisqa choralarni tayyorlamoqda, degan ma’muriyatdagi rejalar bilan tanish, anonim qolishni istagan to‘rt kishi”, deyilgan xabarda.
Nashr manbalaridan birining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar “Rossiyani AQSH va Yevropadan tashqari korxonalar uchun zararli qilish”ga qaratilgan.
Maqola mualliflariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ushbu variantni Ukrainadagi vaziyatning keskinlashuvi fonida va “mavjud sanksiyalarning Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri noaniqligicha qolayotgan bir paytda” ko‘rib chiqmoqda. Qayd etilishicha, bu qadamlar muqarrar emas va ular bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning fevral oyi oxiridan beri AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bir necha bor kuchaytirgan. Cheklovlar orasida Markaziy bank aktivlarini muzlatish, Rossiya neft va gazini import qilishni taqiqlash, mikroelektronika eksportini cheklash va boshqalar bor. Cheklovlar ostiga Rossiya rahbariyati, xususan, Prezident Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, shuningdek, bir qator tadbirkorlar va kompaniyalar rahbarlari ham tushgan.
AQSHning oxirgi sanksiyalar paketi 24 mart kuni qabul qilingan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi