AQSH Rossiya Vinnitsada harbiylarni nishonga olmaganini aytdi

Olam

image

AQSH Mudofaa vazirligining yuqori martabali mulozimi Rossiya joriy yilning 14 iyul kuni rus qo‘shinlari Vinnitsa markaziga Ofitserlar uyida muzokara o‘tkazayotgan Ukraina harbiylari va xorijlik qurol yetkazib beruvchilarga qarshi qaratilganini rad etdi.

“Menda yaqin atrofda harbiy nishon borligi haqida hech qanday dalil yo‘q”, degan 15 iyul kuni ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan rasmiy AFP’ga.

Mudofaa vazirligi vakili raketa tushgan bino ko‘p qavatli uyga o‘xshashini aytgan. Shuningdek, u Vinnitsaga Rossiya suv osti kemasidan zarba berilganini tasdiqlagan.

Vinnitsadagi hujumni ham hisobga olgan holda, rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya hujumlarida so‘nggi bir-ikki hafta ichida 100 dan 150 nafargacha oddiy ukrainaliklar halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 14 iyul kuni ertalab front chizig‘idan yuzlab kilometr uzoqlikda joylashgan Vinnitsa shahri markazi raketalardan o‘qqa tutildi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, zarba Qora dengizdagi Rossiya suv osti kemasidan otilgan “Kalibr” qanotli raketalari bilan berilgan.

Hujum oqibatida hozircha kamida 23 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Ukraina rasmiylari e’lon qilgan suratlardan shahar markazi vayron bo‘lganini, ko‘p qavatli bino vayrona holga kelganini ko‘rish mumkin.

Hujumdan keyin Zelenskiy xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, Rossiyani terrorchi davlat deb tan olish kerakligini aytdi. U shuningdek, Rossiyaning harbiy jinoyatlari uchun jazolash maqsadida xalqaro tribunal tashkil etishga chaqirdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

12

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing