AQSH Navalniyning o‘limi ortidan Rossiyaga yangi sanksiyalar e’lon qiladi
Olam
−
21 fevral
4154AQSH 23 fevral kuni rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning koloniyada o‘limi munosabati bilan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qiladi. Bu haqda AQSH Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Prezident Jo Baydenning ko‘rsatmasi bilan Navalniy bilan sodir bo‘lgan voqea uchun Rossiyani javobgarlikka tortish uchun keng qamrovli sanksiyalar paketi e’lon qilinadi.
“Rossiya hukumati dunyoga voqeani qanday aytishga qaror qilsa ham javobgarlik Prezident Putin va uning hukumati zimmasida ekani aniq”, deydi Kirbi.
Uning ta’kidlashicha, muxolifat yetakchisining o‘limi bo‘yicha ishonchli tergov bo‘lmasa, Vashington Moskvaning so‘zini qabul qilmaydi.
“Biz Rossiya hukumatidan uning qanday vafot etgani haqida to‘liq shaffoflikni talab qilamiz”, deydi AQSH Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori.
Jon Kirbining qo‘shimcha qilishicha, sanksiyalar Moskvaning Ukrainaga qarshi ikki yildan beri davom etayotgan urushiga ham javob bo‘ladi. Yangi paketning e’lon qilinishi Rossiyaning qo‘shni davlatga to‘liq miqyosli bostirib kirishining ikki yilligiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy koloniyada vafot etgani haqida Federal jazoni ijro etish xizmati Yamal bo‘yicha departamenti ma’lum qildi. Bir necha siyosatchilar esa Navalniy Kreml tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida gapirdi. AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Navalniyning o‘limi uchun Putin javobgar ekanini aytdi.
“Interfaks” nashri shifokorlar Navalniyni jonlantirishga yarim soatdan ko‘p harakat qilgani haqida yozdi. Muxolifatchining oilasi ham uning o‘limini tasdiqladi. Bu hodisalar ortidan esa yirik namoyishlar boshlanib ketdi. Joriy yilning 16 fevral kuni AQSH vitse-prezidenti Kamola Harris Myunxenda bo‘lib o‘tayotgan xavfsizlik konferensiyasida Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya bilan uchrashdi va unga ta’ziya bildirdi.
Ertasi kuni, 17 fevralda bo‘lsa Navalniyning onasiga o‘g‘lining jasadi berilmadi, buning ortidan 46 mingdan ortiq kishi rasmiylardan marhumning jasadini oilasiga qaytarishni talab qildi. Yevropa Ittifoqi inson huquqlari borasidagi sanksiyalariga Navalniy nomini berdi. Shunday qilib, Navalniyning jasadi yana ikki hafta “ekspertiza”dan o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bugun, 20 fevral kuni Navalniyning onasi Putinga videomurojaat bilan chiqdi.
LiveBarchasi