Latviya Alisher Usmonovga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishga qarshi chiqdi

Olam

image

Latviya Bosh vaziri Andris Kulbergs Rossiya bilan bog‘liq o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov va rossiyalik milliarder Mixail Fridmanga nisbatan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini bekor qilish evaziga boshqa minglab shaxs va kompaniyalarga qo‘yilgan cheklovlarni uzaytirish bo‘yicha taklifni rad etdi. Bu haqda Kulbergs kecha, 21 sentyabr kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Taklifga ko‘ra, Usmonov va Fridmanga nisbatan sanksiyalar bekor qilinadi, biroq Rossiya bilan bog‘liq qariyb 3 ming nafar shaxs va tashkilotga qarshi cheklovlar yana uch yilga uzaytiriladi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sabab joriy etilgan sanksiyalar aktivlarni muzlatish va safar taqiqlarini o‘z ichiga oladi. Ularning amalda bo‘lish muddati Yevropa Ittifoqining 27 a’zo davlati bir ovozdan uzaytirishga qaror qilmasa, bugun, 22 sentyabr kuni yarim tunda tugaydi.

“Sanksiyalarni 36 oyga uzaytirish to‘g‘ri qadam bo‘lar edi. Biroq buning evaziga to‘lanadigan narx har ikki shaxsni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish bo‘lmasligi kerak. Latviya bunday taklifni qabul qila olmaydi”, deb yozgan Kulbergs.

Fransiya shu oyda Yevropa Ittifoqidagi bir qator hamkorlari va Ukraina noroziligiga qaramay, rossiyalik o‘zbek tadbirkor Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish tashabbusini ilgari surgandi. Diplomatlar ma’lum qilishicha, Slovakiya ham bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan, Lyuksemburg esa rossiyalik Mixail Fridmanga nisbatan ham xuddi shunday chora ko‘rishni talab qilgan.

Diplomatlarning “Reuters” agentligiga aytishicha, Fransiya bunday qadamni Ozarbayjon tomonidan bosim bo‘lgani haqidagi bayonotlardan keyin tashlagan. Ozarbayjon esa bu da’volarni rad etgandi.

Usmonov va Fridman o‘zlariga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalarni bahs ostiga olgan hamda ularni bekor qilish maqsadida huquqiy choralar ko‘rgan.

Qayd etilishicha, Fridman Lyuksemburgdan 16 milliard dollar talab qilmoqda. Bu ish arbitrajga berilgan. Yevropa Ittifoqi diplomatlariga ko‘ra, Lyuksemburg Usmonovga nisbatan sanksiyalar bekor qilinsa, Fridmanga qarshi Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini saqlab qolish bo‘yicha o‘z pozitsiyasi zaiflashishi mumkinligini bildirgan.

Latviya Bosh vaziri Kulbergs mazkur masalani muhokama qilish uchun 22 sentyabr kuni hukumatning shoshilinch yig‘ilishini chaqirishini aytgan. U Latviya Bryussel va Parij bilan “Latviya manfaatlariga mos yechim topish” uchun hamkorlik qilishini yozgan.

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchilari sanksiyalar masalasidagi bosiq holatni bartaraf etish maqsadida muzokaralarni qayta boshlashi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing