Qoraqalpog‘istonda nima bo‘ldi? Kimlar o‘ldi? – Dayjest
Tahlil
−
04 iyul 2022
23855Joriy yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va Jo‘qorg‘i Kenges a’zolari, faollar bilan muloqot qildi.
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealar munosabati bilan qoraqalpoq xalqiga murojaat yo‘lladi.
Prezident 2 iyul kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, 3 iyuldan 2 avgustgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasida 30 kunlik favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Ushbu farmonni Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tasdiqladi.
Prezidentga ko‘ra, “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash davomida ko‘p millatli Qoraqalpog‘iston xalqi mamlakat ravnaqi va farovonligining poydevori bo‘lgan tinchlik va barqarorlik, fuqarolar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash uchun birlashib, barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
3 iyul kuni Qoraqalpog‘iston va Qozog‘iston o‘rtasidagi poyezd qatnovi reysi bekor qilindi. Qayd etilishicha, komendantlik soati talablaridan kelib chiqqan holda Nukus aeroporti faoliyatiga ham cheklov o‘rnatildi, samolyot reyslari vaqti o‘zgartirildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Nukus ko‘chalari qonga to‘ldi mazmunidagi feyk va provokatsion xabarlar tarqalgan edi. Aslida esa bu noqonuniy namoyishga chiqqanlarni tarqatish uchun sepilgan qizil rangdagi suv ekani aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, rangli suvdan ommaviy tartibsizlik ishtirokchilarini tezroq tarqatib yuborish maqsadida foydalanilgan.
Davlat rahbari 3 iyul kun yana Qoraqalpog‘istonga bordi. Prezident Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston voqealaridagi dezinformatsiyani qoraladi.
Shuningdek, fuqarolarni Konstitutsiyaga xilof faoliyatga jalb etayotganlarning asosiy maqsadi jamiyatni parokanda qilish, davlat tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo‘lgan ishonchni susaytirish, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iboratligi, ayirmachilikka, ommaviy tartibsizliklarga, hokimiyat organlariga zo‘ravonlik yo‘li bilan qarshilik ko‘rsatishga da’vat etadigan har qanday harakatlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq keskin chora ko‘rilishi, aybdorlar esa muqarrar jazoga tortilishini takidladi.
Prezident nutqi davomida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston farzandi ekanidan faxrlanishini aytdi.
4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74 va 75-moddalarini o‘zgarishsiz qoldirish taklifini bildirdi.
Bir ovozdan qabul qilingan qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining yangilanayotgan Konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid 70, 71, 72, 74 va 75-moddalar o‘zgarishsiz qoldiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining muhokamasi tugash muddati – 5 iyuldan 15 iyulgacha uzaytirildi.
Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, sodir bo‘lgan namoyishlardagi ommaviy tartibsizliklar oqibatida hozirga qadar aniqlangan holatlarga ko‘ra, jami 243 nafar shaxsga, jumladan 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan. Og‘ir tan jarohatlari tufayli 18 kishi vafot etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklar oqibatida 243 nafar fuqaro turli jarohatlar bilan shifoxonalarga murojaat qilgan. Ularning 149 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, muolajalarni uyda davom ettirishiga ruxsat berilgan.
Hozirda shifoxonalarda jami 94 nafar bemor davolanmoqda va og‘ir ahvolda bo‘lganlari bor. Shu jumladan jarohatlanganlar orasida huquq-tartibot organlari xodimlari ham bor.
Ommaviy tartibsizlikda ishtirok etganlikda gumonlangan 516 kishi qo‘lga olindi
Shuningdek, favqulodda holat e’lon qilinganidan so‘ng, 3 iyuldan 4 iyulga o‘tar kechasi komendantlik tartibini buzgani va ko‘chalarda bemaqsad yurgani uchun 110 nafar fuqaro ushlanib, ichki ishlar idoralariga topshirilgan. 12 ta avtotransport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan.
Bosh prokuratura Nukusda ommani mitingga chaqirgan shaxs ismini ochiqladi. Qoraqalpog‘istonlik jurnalist va bloger Dauletmurat Tajimuratov Telegramʼdagi kanali orqali videomurojaat yo‘llab, unda fuqarolarni “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab” Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgani aniqlangan.
Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ da kuzatishda davom eting.
LiveBarchasi